Otabek Narzullaev: "Xorijlik murabbiy bilan bunday yomon natija qayd etilayotgani yaxshi emas. Surov bazada davolanmoqda"

Абдулвосит Бектемиров
4 apr 2026
Superliga 5-turidan o'rin olgan "Navbahor" - "Mashal" (2:1) uchrashuvidan so'ng muborakliklar ustozi Otabek Narzullaev o'yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"O'yinga yaxshi tayyorgarlik ko'rgandik va qiyin bo'lishini bilardik. "Navbahor" yaxshi futbolchilarga ega kuchli jamoa. Biz sxemani o'zgartirgandik. Shu tufayli birinchi taymda qiyinchilikka uchradik. Ayrim vaziyatlarda futbolchilarimiz qiynalishdi. Ayniqsa hujumga chiqishga. Shuning uchun dastlabki bo'lim biz uchun og'ir kechdi. Tanaffusdan keyin taktikamizga biroz o'zgartirish kiritdik. Keyin esa hujumkorroq o'ynadik va gol urishga erishdik. Harakat qilamiz o'yinimizni yaxshilashga. Hozirgi holatimiz yaxshi emas. O'tgan mavsumda ham shunday hodisa ro'y bergandi. Yakunda qiyin holatdan chiqib keta olgandik. Jamoada yaxshi futbolchilar to'plangan. Mag'lubiyatlar futbolchilarning ruhiyatiga ta’sir o'tkazmoqda. Ushbu jabhani yaxshilasak barchasi yaxshi bo'lib kyetishiga ishonaman. Yaxshi shakllangan jamoamiz. Hozircha kichik tushunmovchiliklar bo'lmoqda. Ushbu muammo yig'indagi holatimiz bilan bog'liq deb o'ylayman. Qishki yig'inlarimizning ikkinchi bosqichida juda ko'p narsani o'tkazib yubordik. Tayyorgarligimiz ko'ngildagidek bo'lmadi. Mavsumga to'g'ri va yaxshi tayyorgarlik ko'ra oldik deb o'ylamayman. Shuning uchun ham shunday muammolarga duch kelmoqdamiz. Bunday jarayondan o'tib olishimiz kerak. Jamoaga intensivlik kerak. Tezroq qarshi hujumlarga o'tishimiz kerak. Ushbu jihatni yaxshilab olsak, hozirgi holatimizni yaxshilab olamiz va qiyin ahvoldan chiqib keta olishimizga ishonaman", - dedi Otabek Narzullaev bahs yakunlangach.

- "Andijon"ga qarshi o'yindan so'ng Igor Surov vaziyatlarimiz bor, ammo gol ura olmayapmiz. Asosiy muammomiz shunda deb aytib o'tgan edi. Tabiiyki, "Mashal"ga "Navbahor" kabi kuchli raqiblarga qarshi o'ynaganida ko'plab vaziyatlarga ega bo'la olmaydi. Bugungi uchrashuvdagi xavfli vaziyatlardan foydalanishdan qanchalik ko'nlingiz to'ldi? Jamoa bugun joriy mavsumdagi ilk golini kiritishga muvofiq bo'ldi.

- Birinchi goldan xursandmiz, ammo bu ayanchli holat. Hujumchilarimizdan ko'proq gol urish va zarba berishni talab qilamiz. "Navbahor" bilan o'yinda ko'proq qarshi hujumlarga tayanishni reja qilgandik. Qarshi hujum orqali o'ynaganimiz uchun ayrim vaziyatlarda yigitlar bir-birini tushunmay qoldi. "Navbahor"dek jamoaga gol urish yaxshi.

- Bugun klub matbuot xizmati bosh murabbiy Igor Surov surunkali kasallik tufayli yana bir nechta o'yin davomida jamoaga yordam bera olmasligini e'lon qildi. Mart oyining boshida ham Surov bir nechta o'yinni o'tkazib yuborgan edi. Ushbu holat jamoaga qanchalik ta’sir qilmoqda?

- Ta’siri katta. Bosh murabbiy, baribir bosh murabbiy. Yordamchi murabbiy esa yordamchi murabbiy. Bosh murabbiy bo'lsagina futbolchilar o'z ishini yaxshilashga harakat qiladi. Surovning sog'ligida muammo bor. Andijondagi o'yindan so'ng jamoa samolyotda ortga qaytgan bo'lsa, Surovni taksida ortga jo'natib yubordik. Kutilmaganda qon bosimi bilan bog'liq muammo bo'lgani uchun uni taksida jo'natdik. Surov jamoa bilan birga, bazada davolanmoqda. Yakuniy qarorni esa rahbariyat qabul qiladi. Kim bosh murabbiy bo'lishi yoki kim yordamchi bo'lishini bilmaymiz. Agar sog'ligi yaxshi bo'lsa balki qaytar. Balki rahbariyat javob berar. Hozir jamoaning natijalari ham yaxshi emas. Agar mahalliy yoki yosh murabbiy shunday natija qayd etganida, bunday holatni to'g'ri qabul qilsak bo'lar edi. Biroq xorijlik murabbiy bilan bunday yomon natija qayd etilishi yaxshi emas. Rahbariyat bu haqda o'ylab ko'rsa kerak.

otabek narzullaevvv.JPG

- Humoyun Murtazoev ikkinchi bo'limda zaxiraga olinganida yuzida ikki manoli tabassum bor edi. Murtazoev almashtirilgach, zaxira o'rindig'ida o'tirmay darhol kiyinish xonasida yo'l oldi. Murtazoev zaxiraga olinganidan norozi bo'ldimi?

- Humoyun keyingi o'yinlarga kerak bo'ladi. Biz har bir o'yinga alohida reja tuzamiz va har bir futbolchi qancha vaqt o'ynashi belgilangan. Uni keyingi o'yinga asradik. Murtazoev bugun ko'p kuch yo'qotdi. Fel-atvori yaxshi futbolchi, hech qachon murabbiy so'zini ikki qilmagan. Maydondagi va maydondan tashqaridagi haqiqiy sardor.

- Bugun "Mashal" tarkibida debyutantlar bo'ldi. Asosan U21 tarkibida to'p tepadigan va hali asosiy jamoada debyut qilmagan futbolchilarni maydonga tashladingiz. Bugun debyutantlardan qoniqdingizmi?

- Avvalambor, bu yaxshi holat. Hech bir murabbiy bunday katta o'yinlarda yoshlarga imkoniyat bermaydi. Men ko'proq yoshlarni o'ynatishni yaxshi ko'raman. Bu futbol, kim tezroq va yaxshiroq o'ynasa, o'sha tarkibdan joy oldi. Yosh yoki tajribasi yo'q deb o'tirmayman. U21 ham katta futbol hisoblanadi. Suhrob Parmonqulov yaxshi harakat qildi. Uning o'yinidan qoniqdim. Keyingi turlarda yana o'rinbosarlar jamoasidan futbolchilarni jalb etamiz. Yoshlarga imkoniyat berish kerak. Ular ham o'ynashi kerak-ku.

- Avvalgi to'rt o'yinda Dostonbek To'xtaboev darvozani qo'riqlagandi. Bugun esa Azamat Soyibov debyut o'yinini o'tkazdi. Darvozabonlar o'rtasidagi raqobat haqida gapirib o'tsangiz…

Bu raqobat. Doston to'rtta o'yinda o'tkazib yuborgan gollarining barchasida jamoaviy xatolar bo'lgan. Posbon yoki faqatgina himoyachilarning xatosi emas. Butun jamoa o'sha vaziyatda yaxshi o'ynamagan. Gol o'tkazib yuborilsa, murabbiylar shtabi ham xatoga yo'l qo'ygan hisoblanadi. Dostonga biroz dam berdik. Ruhiy tomondan tiklanib olishi kerak. Har bir o'yinchi men uchun kerakli. Oldinda har uch-to'rt kunda o'ynashimiz kerak bo'ladi.

- "Mashal" Superliganing dastlabki besh o'yinida 12ta sariq va 2ta qizil kartochka bilan jazolandi. Bugungi uchrashuvda ham futbolchilar juda berilib va biroz qo'polroq o'ynagandek. Ayrim to'qnashuvlardan so'ng "Navbahor" futbolchilari jiddiy jarohat olishi mumkin edi. Futbolchilarni disciplinar jihatdan biroz tinchlantirib qo'yish kerak emasmi?

Fikringizga qo'shilaman. Bu holat disciplina bilan bog'liq. Futbolchilar ketma-ket o'yinlarda mag'lub bo'laversa, kayfiyatga ta’sir o'tkazadi. Koncentraciya yo'qoladi. Biz aytganimiz bilan foydasi yo'q. Futbolchilar maydondagi "jangchi" bo'lishi kerak. Sariq va qizil kartochka olayotgan futbolchilar maydonda kurashayotgan bo'ladi. Bunday holatlarda biz qarshi emasmiz. Bizga "jangchi"lar kerak. Jamoaning o'yini chiqmasa ham shunday agressiv futbol orqali natijani qo'lga kiritish mumkin. O'yinda ko'p kurashlar bo'ladi va shunday vaziyatlarda sariq va qizil kartochkalar ko'rsatilishi mumkin.


Абдулвосит БектемировMuallif
Manba: