Diyor Xolmatov: "Mashhur futbolchining o'g'li bo'lish oson. Tojikiston terma jamoasidan taklif bo'lmagan"

Оқил Абдубарноев
4 apr 2026
Superliganing 5-turi doirasida "Navbahor" - "Mashal" (2:1) uchrashuvidan keyin namanganliklar futbolchisi Diyor Xolmatov o'z fikrlarini bildirdi.

– G'alaba bilan tabriklayman. Bugun raqib darvozasini ishg'ol qildingiz. O'yin qanday taassurot qoldirdi?

– O'yin zo'r bo'ldi, ammo qiyinchilikka duch keldik. Bu futbol. Hozir hamma jamoa kuchli. Gol urish yoqimli. Keyingi o'yinda ham gol urishga harakat qilaman.

– O'tgan yilgi intervyularingizda Yevropaga yo'l olishingiz mumkinligi haqida bir necha marta aytgandingiz. Buning amalga oshmaganiga jarohat sabab bo'ldimi?

– Ha, jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdim. Shu sababli tiklanish kerak edi. Men uchun eng qulay variant "Navbahor" bo'ldi.

– O'yindan o'yinga ochilib boryapsiz? O'z darajasining cho'qqisiga chiqqan Xolmatovni qachon ko'ramiz?

– Buning uchun o'z ustimda ishlayapman.

photo_2026-04-03_19-51-03 (2).jpg

– Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda otangiz – o'tmishning yorqin futbol yulduzlaridan biri bo'lgan Akmal Xolmatovga avtomobil sovg'a qilganingiz aks etgan video keng tarqaldi va bu juda iliq kutib olindi. Otangizdek katta futbol yulduzining izdoshi bo'lish maydonda sizga ko'proq mas'uliyat va bosim yuklaydimi yoki aksincha, uning o'gitlari har qanday qiyin vaziyatda eng asosiy qurolingiz bo'lib xizmat qiladimi?

– Mashhur futbolchining o'g'li bo'lish engillik yaratadi. Sababi, dadamning tajribasi yuqori. Ko'p maslahat beradi. Gol urasanmi-yo'qmi, maydonga tushasanmi-yo'qmi, faqat va faqat o'z ustingda ishlashda davom et deydi. Shuning uchun bu yoqimli.

– Akmal Xolmatov o'z vaqtida Tojikiston terma jamoasida o'yinlar o'tkazgan. Sizga ham ushbu mamlakat terma jamoasidan qandaydir taklif bo'lganmi?

– Yo'q, taklif bo'lmagan. Men O'zbekiston fuqarosiman va O'zbekiston terma jamoasi sharafini himoya qilaman.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia