

Mashhur jurnalist va insayder Fabricio Romano ijtimoiy tarmoqdagi X sahifasida italiyalik murabbiy Roberto De Dzerbi Fransiyaning "Marsel" klubi rahbariyati bilan hamkorlikni muddatidan oldin to'xtatish bo'yicha kelishuvga erishganini ma'lum qildi. Yaqin vaqt ichida mutaxassisning iste'fosi rasman e'lon qilinishi kutilmoqda. Qayd etilishicha, jamoaning evrokuboklar va milliy chempionatdagi muvaffaqiyatsiz natijalari ortidan kyetish qarori aynan De Dzerbining tashabbusi bilan qabul qilingan. Manbaga ko'ra, 46 yoshli murabbiy qoniqarsiz natijalar sabab lavozimidan ozod etilishini so'ragan.
De Dzerbi boshqaruvida "Marsel" Chempionlar ligasi umumiy bosqichini 25-o'rinda yakunlab, musobaqa pley-off bosqichiga yo'llana olmadi. Fransiya chempionatida esa provansliklar 21 turdan so'ng 39 ochko jamg'arib, turnir jadvalida to'rtinchi o'rinda bormoqda. So'nggi turda De Dzerbi shogirdlari Liga 1 peshqadami PSJga 0:5 hisobida mag'lub bo'lgan edi.



