Ro'ziqul Berdiev: "Jamoaviy o'yinni shakllantirishga urg'u berdik"

Superliga 5-turdan o'rin olgan "Nasaf" - "Andijon" (1:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida qarshiliklar bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Yigitlar maydonda sifatli va tartibli bo'lishga harakat qilishdi. Bugun maydonga tushgan barcha ko'p mehnat qildi. Shuning evaziga ishonchli g'alabaga erishdik. Raqib bizga asosan standart vaziyatlar orqali qiyinchilik tug'dirdi, lekin pozicion va qarshi hujumlarda biz mazmunli ko'rindik. G'alaba juda yoqimli, ushbu yutuq bilan uzoq yo'l bosib kelgan muxlislarimizni, klubimiz vakillarini hamda rahbariyatni tabriklayman.

- Murodbek Rahmatov haqida yarim hazil, yarim chin savol bermoqchiman. Adashmasam, bugun Murodbek "Nasaf" libosida 8-golini urdi. U gol urgan o'yinlarda "Nasaf" etti bor g'alaba qozonib, bir marta durang qayd etgan ekan. Bu degani Murodbek Rahmatov bundan keyin jamoaning asosiy hujumchisi bo'lib qoladimi? Uning qanchalik yuksalayotgani haqida gapirib o'tsangiz.
- To'g'risini aytsam, statistikani kuzatib borishingiz menga qiziq tuyuldi. Men bu haqda bilmas ekanman. Murodbek universal futbolchi. U hujumda, yarim himoyada, qanotlarda, kerak bo'lsa qanot himoyachisi sifatida ham o'ynay oladi. Umuman har qanday poziciyada jamoaga yordami tegadi. Murod bugun g'alaba keltiruvchi golni urdi, faqat o'yin oxirlarida toliqib qolgani oxirgi bir hafta umumiy guruhda shug'ullanmagani ta’sir qildi. Bundan tashqari, Alibek Davronov, G'olib G'aybullaevda jarohat borligi sabab ularni oxirgi nazorat bahsida maydonga tushirmadik. Aytib o'tganimdek, Murodning universalligi biz uchun juda muhim. U asosiy tarkib futbolchisi sifatida ko'p mehnat qilyapti, bu yoshda hali ko'p tajriba orttirib, jamoa yetakchisiga aylanishi kerak.

- Mavsum avvalida, qishki yig'in paytida "Nasaf" haqida har xil gaplarni eshitdik. Ko'p futbolchilar jamoani tark etdi. Shunga qaramay dastlabki besh turda jamoangiz 10 ochko to'pladi. Hatto "Surxon" bilan o'yindan keyin ham tanqidiy fikr yangradi. Yaqinda nihoyasiga etgan FIFA kunlari sizga va jamoaga qanday ta’sir qildi?
- Endi tanqidiy gaplar har doim bo'lgan. Lekin bunga ko'p e'tibor bermaymiz va jamoani shakllantirish ustida ishlaymiz. O'n nafarga yaqin futbolchi jamoamizni tark etgach, turli gap-so'zlar yangradi, shunga qaramay ishlashda davom etyapmiz, chunki klub o'z mavqeini saqlab qolishi kerak. O'z imkoniyatimizdan kelib chiqib jamoaviy o'yinni shakllantirishga urg'u berdik. Agar jamoaviy o'yin yaxshi yo'lga qo'yilsa va futbolchilarni tartibga o'rgatsak, bu natija berishini bilamiz. Maqsadlarimizdan yana biri - yoshlarning tajribasini oshirish. Bugungi o'yinimiz tahsinga loyiq deb o'ylayman. "Surxon"ga nima uchun yutqazganimizni futbolchilar yaxshi biladi, biz bu haqda gaplashib oldik. Har bir o'yinda chiroyli futbol va natija uchun maydonga chiqamiz.


Manba: championat.asia