Noyer o'rniga Xoyer

Sherzod Nurmatov
2 apr 2026
"Bavariya" keyingi mavsumda darvozani kuchaytirishni ko'rib chiqmoqda.

"Sport Bild" nashrining xabar berishicha, myunxenliklar "Gamburg" darvozaboni Daniel Xoyer Fernandesh nomzodini muhokama qilmoqda.

Manbaga ko'ra, agar afsonaviy darvozabon Manuel Noyer faoliyatini tugatishga qaror qilsa, 33 yoshli darvozabon Yonas Urbigdan keyin ikkinchi tanlovga aylanishi mumkin.

Xoyerning "Gamburg" bilan shartnomasi shu yozda tugaydi, ammo agar klub ligadagi o'rnini saqlab qolsa, kelishuv avtomatik ravishda yana bir mavsumga uzayishi ko'zda tutilgan. Jamoa rahbariyati futbolchini saqlab qolishdan manfaatdor, ammo potencial transferga to'sqinlik qilish niyatida emas.

Xoyer ushbu mavsum barcha musobaqalarda 28 o'yinda maydonga tushib, 41 ta gol o'tkazib yubordi va 6 ta bahsda darvozani "quruq" saqladi. Transfermarkt portaliga ko'ra, posbonning transfer qiymati 1,2 million evroga baholanmoqda.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Sport Bild