Andrey Shipilov: "Men uchun bu mag'lubiyat juda uyatli"

24 apr 2026, 22:31
Superliga 9-turdan o'rin olgan "Qizilqum" – "Qo'qon-1912" bahsi 2:1 hisobida yakuniga etdi.

O'yindan keyin "Qo'qon-1912" bosh murabbiyi Andrey Shipilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Uchrashuvni yaxshi boshladik, chiroyli gol urdik, lekin shundan keyin jamoamizga nima bo'ldi bilmayman. Bu mavsum shuncha o'yin o'tkazib, bundan qiyin vaziyatlardan chiqib keta olgandik. Lekin bugun o'zimizni ko'rsata olmadik. Menimcha, gol urib olgach osonlik bilan g'alaba qozonamiz deb o'yladik. "Qizilqum" o'ziga xos jamoa va o'z o'yin uslubi bor. Bu haqda futbolchilarga aytgandim, ko'pchiligi quloq solmagan shekilli. Hammasini tushuntirib bergandik.

Biz esa raqibga imkoniyatni berib qo'ydik. Zaxiradan futbolchilarni tushirdik, hujumga ko'proq urg'u berdik, ammo o'z maqsadimizga erisha olmadik. Raqibni haqli g'alaba bilan tabriklayman. O'yindan keyin futbolchilarga ishga bunday munosabatda bo'lish kerak emasligini aytdim. Hali bahsni yana tahlil qilib chiqamiz.

- To'p bilan muomala, to'p uzatishlar bo'yicha jamoangiz yaxshi o'yin ko'rsatdi, lekin darvoza tomon deyarli zarba bermadi. Bu nima bilan bog'liq?

- Raqibni o'rganib chiqqandik. "Qizilqum" himoyada jips harakat qilishini bilardik. Hozirgi futbolda o'yinni nazorat qilish bilan to'pni nazorat qilish o'rtasida farq katta. To'pni nazorat qilib o'yinni nazorat qilmaslik mumkin. Raqib ikkinchi raqam bo'lib o'ynadi va o'z imkoniyatini kutdi.

Futbolda 10ta, 20ta imkoniyat bo'lmasligi, aksincha bir-ikkita vaziyat bo'lishi mumkin. Hamma gap shundan foydalanishda. Bizda imkoniyat bo'ldi, lekin to'p kirita olmadik. Raqib uzun to'p uzatishlar orqali o'ynashini bilardik, bunday vaziyatda maydonga chiqib faqat kurashish kerak. "Qizilqum" bizni shu bilan jazoladi.

Xarakter ko'rsata olmadik. Hamma uch ochko olishni xohlayapti. Men ham futbolchilarga bugun uch ochko olish kerak, chiroyli o'yinni unutinglar dedim. Qo'qonga qaytib borgach boshqatdan ko'rib chiqamiz, lekin bunga kam vaqt bo'ladi, chunki o'yinlar orasi tez bo'lyapti. Superligada navbatchi bahslar yo'q. Kim xarakter ko'rsatsa shu yutib ketyapti. Hozirgi futbolda 10 karra chempion kabi nomlar rol o'ynamay qo'ydi. Maydonga chiqib kurashish kerak. Kurashmasdan yutib bo'lmaydi. Men uchun bu mag'lubiyat juda uyatli bo'ldi.


Manba: championat.asia