

Qiziqarli va shiddatli kechgan uchrashuvda navoiyliklar 2:1 hisobida g'alaba qozonishdi. Jamoaning har ikkala goli 2005 yilda tug'ilgan yosh iqtidor egasi Akmal Muzaffarov hisobiga yozildi. Ushbu dubl futbolchining katta futboldagi ilk gollari sifatida tarixga kirdi. Uchrashuvdan so'ng yosh hujumchi bilan suhbatlashdik.
- "Qo'qon-1912"ga qarshi kechgan o'yin haqida qanday taassurotlar qoldi?
- Superligadagi birinchi gollarimni urish men uchun juda katta quvonch. Bunday hissiyotlarni tariflash qiyin, bu unutilmas xotira bo'lib qoladi!
- Professional faoliyatingizdagi ilk gollarni urdingiz. Bu qanday hissiyotlarni berdi va gollarni kimga bag'ishlagan bo'lardingiz?
- Gollarimni ota-onamga va menga ishonch bildirgan, meni qo'llab-quvvatlagan barcha insonlarga bag'ishlayman. Ularning xursand bo'lganini ko'rish men uchun eng muhim sovg'adir.
- "Qizilqum" mavsumni yaxshi boshladi, "Andijon" bilan kechgan bahsda ham g'alaba qozongan edingiz. Keyingi o'yinlarda nima yetishmadi, deb o'ylaysiz?
- Bu savolga javob berishim noto'g'ri bo'lardi. Jamoamizda tajribali murabbiylarimiz bor, ular vaziyatni va kamchiliklarimizni bizdan ko'ra yaxshiroq tahlil qila olishadi.
- O'zbek va jahon futbolidagi kumirlaringiz kim?
- O'zbek futbolida Eldor Shomurodovning o'yini menga juda yoqadi. Jahon futbolida esa kumirim - Krishtianu Ronaldu.
- Poziciyangizdagi eng yaxshi futbolchi kim deb hisoblaysiz?
- O'zbekistonda o'z poziciyamdagi eng kuchli futbolchi, menimcha, Superligamiz yulduzi Temurxo'ja Abduxoliqov. Jahon miqyosida esa hozirgi vaqtda Kilian Mbappening harakatlari menga juda manzur bo'ladi.



