Akmal Rustamov: "Muxlislarimiz g'alabani judayam sog'inib qolishgandi"

24 apr 2026, 22:56
Superliga 9-turdan o'rin olgan "Qizilqum" – "Qo'qon-1912" bahsi 2:1 hisobida yakuniga etdi.

O'yindan keyin "Qizilqum" bosh murabbiyi Akmal Rustamov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Juda chiroyli uchrashuv guvohi bo'ldik. Bahs kurashlarga boy kechdi. Yigitlarning hammasiga rahmat aytaman. Ikki-uch nafar futbolchimizda jarohat bor, hali to'liq tuzalishmadi. Lekin bugun o'ynaganlar ularning yo'qligini bildirmadi. O'yin qiyin kechdi. Navoiyda oxirgi marta "Andijon" ustidan g'alaba qozongandik va bunga ancha bo'lgandi. Muxlislarimiz g'alabani judayam sog'inib qolishgandi. Ularga ham katta rahmat. Bahs oxirlarida qulay vaziyatlar bo'ldi, lekin foydalana olmadik. Vaziyatlarni golga aylantirish ustida ishlayapmiz.

- Akmaljon Muzaffarov bugun ikkita gol urib jamoaga g'alaba keltirdi. Bu futbolchi haqida fikringiz?
- Akmal yaxshi futbolchi. U endi Superligada o'ynay boshladi. Yaxshi harakat qilgani sari biz ham imkoniyat berishda davom etamiz. Avvalgi bellashuvda ikki bor qulay imkoniyatdan foydalana olmagandi. Bugun esa foydalanib gol urdi. Yoshlarimiz etarli, kim mashg'ulotda o'zini ko'rsatsa, maydonga tushadi. Yoshlar bilan ishlaganman va hammasini yaxshi bilaman.

- Raqib murabbiyi "Qizilqum" faqat havolatib to'p uzatishlar orqali o'yinda yetakchilik qilganini aytdi. Men ham sizga bu borada mashg'ulotlarda yanada ko'p ishlashni tilab qolaman. Chunki bu usul natija beryapti.
- Biz raqibdan kelib chiqib o'yin ko'rsatamiz. Bu degani har doim shunaqa harakat qilamiz degani emas. Kerak payt yerdan o'ynaymiz, kerak payt havodan.


Manba: championat.asia