"Yaypan" bosh murabbiyi Rashid G'ofurov: "Sho'rtan" bilan ham xuddi shu tarkib maydonga tushadi"

Aslanov Jasurbek
20 apr 2026, 22:14
Proliga 4-turidan o'rin olgan "Yaypan" – "QMU Jayxun" (2:0) uchrashuvidan keyin "Yaypan" bosh murabbiyi Rashid G'ofurov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Bugun Yaypanda ilk uchrashuvni o'tkazdik va g'alaba qozondik. Bu bilan barchani tabriklayman. Har turdan keyin turnir jadvali chiqadi, lekin futbolni jadvalga qaramasdan o'ynash kerak. Shundagina yanayam qiziq bo'ladi. Proligada o'tkinchi o'yinning o'zi yo'q. Superligaga chiqishni maqsad qilgan jamoalar ko'ryapmizki, kutilmaganda yosh jamoalarga imkoniyatni boy berib qo'yyapti. Bu degani Proligada hech kimga oson bo'lmaydi. Biz har bir o'yinni xuddi final kabi o'tkazishga harakat qilamiz.

- Uchta o'yindan beri jamoangiz boshlang'ich tarkibi o'zgarmayapti. Kelasi tur safarda "Sho'rtan" bilan ham shunday bo'ladimi?

- Xuddi shu tarkib maydonga tushadi. Chunki ochko olyapmiz, nimaga endi tarkibni o'zgartirishimiz kerak? Xudo ko'rsatmasin, ertaga ochko yo'qotib qo'yadigan bo'lsak, sizning o'rningizda boshqasi umuman boshqa savolni beradi. Nega yutgan tarkibni almashtirdingiz deb so'raydi. Shuning uchun yutuq olib kelayotgan tarkibni o'zgartirmagan maqul deb o'ylayman. Albatta, boshqa futbolchilarimiz ham bor, lekin hozirgi tarkibimizning harakatidan ko'nglimiz to'lyapti.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia