

OFK kubogi-2021 final uchrashuvi oldidan matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Unda “Nasaf” jamoasi ustozi Ro'ziqul Berdiev va jamoa yetakchilaridan biri Umar Eshmurodov ishtirok etishdi.

Ro'ziqul Berdiev: "Ertaga bizni final kutyapti. Ikkala jamoa ham finalga osonlikcha yetib kelmadi. Shu sababli ikkala jamoa ham maydonda borini berib harakat qiladi.
Raqib jamoani o'rganib chiqdik. "Al Muharraq" – juda yaxshi shakllangan jamoa. Tarkibida mahoratli futbolchilari ko'p. Ancha tartibli o'ynaydi. Yigitlarga raqib to'g'risida to'liq ma'lumot berishga harakat qildik.
Balki issiq ob-havo biroz qiyinchilik tug'dirishi mumkin, lekin bu bahona bo'la olmaydi. Qanday qiyinchilik bo'lsa-da, biz final uchrashuvida yaxshi o'ynagan holda, asosiy maqsadimizga yetishga harakat qilamiz.
Final – bitta o'yindan iborat. To'g'ri, musobaqa to'purari, assistlar yetakchilari, ko'p gol urish kabi raqamlar va statistikalar biz tarafimizdadir. Biroq oldingi o'yinlar natijalarini unutgan holda, bor e'tiborimizni oldimizdagi hal qiluvchi bahsga qaratamiz".

Umar Eshmurodov: "Ertaga muxlislarimizni, xalqimizni chiroyli g'alaba bilan xursand qilish uchun maydonga tushamiz va borimizni beramiz".
Eslatib o'tamiz, "Al Muharraq" hamda "Nasaf" o'rtasidagi final bahsi ertaga Toshkent vaqti bilan 21:00 da start oladi.



