Kazemiro MLSga yo'l olmoqda: "Los-Andjeles" braziliyalik uchun asosiy davogar

Aslanov Jasurbek
24 yanv 2026
"Manchester Yunayted" yarim himoyachisi Kazemiro MLS klublari bilan faol muzokaralar olib bormoqda.

Insayder Ekrem Konurning xabar berishicha, "Los-Andjeles" klubi braziliyalik yulduzni o'z safiga qo'shib olish borasida yaqqol peshqadamlik qilmoqda.

"Manchester Yunayted" rahbariyati tarkibni yoshartirish va yuqori maosh oluvchi faxriy futbolchilardan voz kechishga qaror qilgan. Kazemironing o'zi ham "qizil iblislar" lageridagi faoliyati yakuniga etganini tushunib etgan.

Eslatib o'tamiz, 22 yanvar kuni "Manchester Yunayted" Kazemiro mavsum yakunida jamoani tark etishini rasman e'lon qilgan edi. U 2022 yilda "Real Madrid"dan ingliz klubiga o'tgandi. Ushbu davr mobaynida yarim himoyachi barcha turnirlarda 146 ta o'yin o'tkazib, 21 ta gol va 13 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. "Transfermarkt" portali 33 yoshli futbolchini ayni damda 8 million evroga baholamoqda.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: x.com/Ekremkonur