Jamoliddin Rahmatullaev: "Hakamlarning juda ko'p qarorlari va xatolari zararimizga ishlamoqda"

Оқил Абдубарноев
26 apr 2026, 19:56
Proliganing 5-turidan o'rin olgan "Respublika FA" – "Kattaqo'rg'on" (0:1) o'yinidan so'ng mezbonlar bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– O'yindan keyingi fikrlaringizni bildirib o'tsangiz.

– Afsuski, judayam yaxshi o'ynab, mag'lubiyatga uchradik. Bunga sabab sifatida bitta-ikkita individual xatolarni ko'rsatishim mumkin. Lekin jamoaviy futbol haqida gapiradigan bo'lsam, yigitlardan judayam xursand bo'ldim. Meni quvontirayotgan narsa – o'yindan o'yinga rivojlanayotganimiz. Har qanaqa holatda, xususan, mahoratli, tajribasi yuqori va oldiga katta maqsadlar qo'ygan jamoalarga qarshi ham o'zimiz xohlagan o'yinni ko'rsata olayotganliklari va so'nggi daqiqalargacha kurashayotganliklari meni xursand qiladi. Bugun ta'kidlab o'tish kerak bo'lgan jihat shuki, har qanday bosim holatida yigitlar o'zlarini erkin his qilishdi. Bosimdan chiqib kyetish uchun – murabbiylar tilida aytganda "qaltis vaziyatlar"dan chiqib kyetishlari meni judayam xursand qildi. Bu nafaqat taktik va texnik tomondan, balki psixologik jihatdan ham o'sayotganimizni ko'rsatadi.

– Bugun raqib tarkib jihatdan judayam kuchli edi va o'zingiz aytib o'tganingizdek, oldiga Superligaga chiqish vazifasini qo'ygan jamoa. Bunaqangi tarkib va kuchli ijrochilarga ega raqibning, ayniqsa, birinchi bo'limda bu qadar chuqur himoyaga yotishi sizni hayron qoldirmadimi? Yani, jamoangiz pozicion hujum uyushtirayotganda maydon markaziga ham chiqmay, judayam chuqur himoyalandi. Bu narsa hayron qoldirmadimi, siz uchun kutilmagan holat bo'lmadimi?

– Yo'q, men uchun kutilmagan holat bo'lmadi. Agarda o'yinning boshidan e'tibor beradigan bo'lsangiz, raqib dastlab bosim qilishga harakat qildi. Aytib o'tganimdek, tezkor qarorlar hisobiga biz bosimdan chiqib ketganimiz uchun, raqib bo'shliqlarni yopish maqsadida zichroq o'ynashga harakat qildi. Agar boshida raqibning bosimidan chiqib, o'z o'yinimizni shakllantirib olmaganimizda, albatta, raqib yuqoriroqda o'ynab, ko'proq bosim qilishi mumkin edi. Biz buni bilardik. Odatda kuchli jamoalarga qarshi ko'proq himoyaviy futbol taklif qilardik, bugun esa pozicion hujumlarda kuchli jamoalarga qarshi o'zimizni qanchalik yaxshi tomondan ko'rsata olishimiz biz uchun juda qiziq edi. Men o'ylaymanki, har qanday raqib bilan o'ynasa bo'ladi. Buni yigitlar birinchi bo'limda ko'rsatishdi. Ikkinchi bo'limda qayerdadir charchoq bo'lishi mumkin yoki bir-ikkita vaziyatlarda taktik va individual xatolarni ham kuzatdik, lekin, ayniqsa, birinchi bo'limda yigitlar barakalla, judayam yuqori saviyadagi futbol ko'rsatishdi. Savolingizga aniq javob beradigan bo'lsam, raqibni zichroq himoyalanishga biz o'zimiz majbur qildik, deb o'ylayman.

IMG_20260426_192953.jpg

– Ikkinchi savolim. Hozir Pro liganing ko'plab o'yinlarini kuzatib boryapman va ikkita jamoa e'tiborimni tortyapti. Ikkisi ham yosh futbolchilardan iborat: birinchisi – sizning jamoangiz, ikkinchisi – "G'azalkent". Har ikkala jamoaning o'yinlari va natijalariga nazar solsangiz, aksariyat o'yinlarida raqibdan yaxshiroq o'ynayapti, to'pni ko'proq nazorat qilyapti, o'yinda raqibga nisbatan ustunlik qilyapti, ammo natijaga kelganda oqsayapti. Masalan, bazi jamoalar o'yinda to'liq ustunlik qilmasa ham, yaxshi natija qayd etib ketyapti. Sizning jamoangizda va "G'azalkent"da esa o'yinda ustunlik qilib, to'pni nazorat qilsa-da, natija ko'rsatishda biroz oqsash kuzatilyapti. Bu aynan nima bilan bog'liq deb o'ylaysiz?

– Bu, birinchi navbatda, mahorat va tajriba bilan bog'liq. Chunki bugun ko'rgan bo'lsangiz, biz raqibdan ko'ra ancha ko'proq xavfli vaziyatlar yarata oldik. Lekin so'nggi zarbalarda, qayerdadir yigitlar to'pni o'zida uzoq ushlab qolyapti, zarba berishga yaxshiroq vaziyat qidirib, murakkabroq holatga kirib ketyapti. Bu, albatta, mahoratning yetishmasligidan. Hozirgi zamon futbolida shuni kuzatyapmizki, ko'p jamoalar raqibga to'pni berib qo'ygan holda tezkor hujumlarga o'tishmoqda. Pro liga darajasida, barcha jamoalarga hurmatni saqlagan holda shuni aytishim mumkinki, kombinacion futboldan ko'ra ochiqroq, vertikal va yakkakurashlarga asoslangan futbol o'ynaladi. Shuning uchun to'pni ko'proq nazorat qilgan jamoa yakkakurashlarda yutqazib qo'ymoqda. Hal qiluvchi holatlarda o'yin tizginini qo'ldan chiqarib yuborish oqibatida shunday muammolar kelib chiqyapti. Umuman olganda, aytganingizdek, bu tajriba orqali keladigan narsa. Bu mening fikrim.

– Bugun ko'rdikki, bazi bir vaziyatlarda hakamlarga nisbatan siz tomondan ham qatiy etirozlar bo'ldi. Umumiy olganda, bugun hakamlarning qarorlarini qanday baholaysiz?

– Endi bu biroz emociyalarga berilganimiz sababli bo'ldi. Bundan oldingi o'yinlarimizni ham kuzatgan bo'lsangiz, negadir ko'p uchrashuvlarda hakamlar... to'g'ri, insoniylik faktori deymiz, hakamning ham xato qilishga haqqi bor, lekin ortda qolgan turlarni kuzatadigan bo'lsak, hakamlarning juda ko'p qarorlari va xatolari bizning zararimizga ishlamoqda. Balki shu narsa ham qayerdadir hissiyotlarga sabab bo'lgandir. O'yin boshida hakam tomonidan ko'p marotaba chalingan hushtaklar ham bizga qarshi bo'ldi. Biz o'yinga yuqori surat taklif qildik, bu yerda esa har bir chalingan hushtak o'yinimizning tempini tushirib yuborayotgani uchun biroz etiroz bildirdik. Lekin, umumiy olganda, men o'ylaymanki, bugun hakamlar yaqqol katta xatoga yo'l qo'yishmadi.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: