Elit OCHL finali. O'zbekistonlik hakamlar Osiyoda tengsiz

Абдулвосит Бектемиров
25 apr 2026, 18:00
Bugun Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Elit OCHL final bahsi o'tkaziladi.

Musobaqaning so'nggi uchrashuvida amaldagi chempion Jiddaning "Al Ahli" jamoasi Yaponiyaning "Machida Zelviya" klubiga qarshi maydonga chiqadi. Ushbu bahsni Ilgiz Tantashev boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib boradi. Unga qanotlarda Andrey Sapenko va xitoylik Ju Fey yordam beradi. To'rtinchi hakam sifatida Osiyo Kubogi-2023 finalini boshqargan xitoylik Ma Ning tayinlangan. Hamyurtimiz Firdavs Norsafarov esa AVAR hakami sifatida tayinlangan. Bugungi final Norsafarov faoliyatidagi ilk final uchrashuvi bo'ladi.

Qizig'i shundaki, Tantashev uchun bugungi uchrashuv faoliyatidagi ikkinchi final hisoblanadi. Hamyurtimiz bunga qadar 2023/24-yilgi mavsumda "Al-Ayn" va "Yokohama Marinos" o'rtasidagi finalning javob uchrashuvida ishlagan edi. Shuningdek, bugungi final Tantashev brigadasi uchun joriy mavsumdagi sakkizinchi tayinlov bo'ldi. Mundialda ishlaydigan hakamimiz bunga qadar bitta chorak final, bitta 1/8 final va beshta guruh bosqichi o'yinida ishlagan edi. Ilgiz Tantashev 2013 yildan buyon FIFA hakamlari ro'yxatidan o'rin olgan va ketma-ket 11-mavsumdan beri Osiyo Chempionlar Ligasida hakamlik qilib kelmoqda. Xalqaro miqyosda uning tajribalar ro'yxatidan 2019 va 2023-yilgi Osiyo Kuboklari, 2024-yilgi Olimpiya o'yinlari va 2025-yilgi Klublar o'rtasidagi jahon chempionati joy olgan. Shuningdek, Tantashev brigadasi bir necha oydan so'ng start oladigan JCH-2026 musobaqasiga chaqiruv olgan hakamlar ro'yxatidan o'rin olgan edi.

Firdavs norsafarov.jpg

O'zbekistonlik hakamlar OFKning zamonaviy tarixida sakkizinchi bor final uchrashuvini boshqarishga tayinlandilar. Bu OFKga a'zo barcha milliy assotsiatsiyalar orasidagi eng yaxshi ko'rsatkichdir. Tantashevga qadar, 2007-2017 yillar oralig'ida Ravshan Irmatov beshta finalni boshqargan bo'lsa, 2019 yilgi mavsumning final bahsida Valentin Kovalenko bosh hakam bo'lgan edi.

2007 yil

Final "Urava Red Diamonds" - "Sepaxon" 1:1

Bosh hakam: Ravshan Irmatov

2011 yil 

 Final "Al-Sadd" - "Chonbuk Motors" 2:2

Bosh hakam: Ravshan Irmatov

2013 yil 

Final "Guanchjou Evergrand" - "Seul" 3:3 

Bosh hakam: Ravshan Irmatov

2015 yil 

Final "Guanchjou Evergrand" - "Shabab Al-Ahli" 1:0

Bosh hakam: Ravshan Irmatov

2017 yil 

Final "Al-Hilol" - "Urava Red Daymonds" 0:1

Bosh hakam: Ravshan Irmatov

2019 yil

Final "Al-Hilol" - "Urava Red Daymonds" 3:0

Bosh hakam: Valentin Kovalenko

2024 yil

Final "Al Ayn" - "Yokoxama Marinos" 5:1

Bosh hakam: Ilgiz Tantashev.

Eslatib o'tamiz, final uchrashuvi bugun soat 21:15da Jiddadagi "Qirol Abdulloh Sport Siti" stadionida o'tkaziladi.

valentin kovalenko.jpg

Abdulvosit Bektemirov tayyorladi


Абдулвосит БектемировMuallif
Manba: