"Surxon" jarohat olgan hujumchisining holati haqida ma'lumot berdi

Sherzod Nurmatov
17 iyun 2025, 17:53
"Surxon" forvardi Muhammad-Ali Abdurahmonov Superliga 12-turidan o'rin olgan "Neftchi" bilan bahsda jarohatlandi.

Klub matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, jarohat u qadar jiddiy emas.

"85-daqiqada jamoamiz a'zosi Muhammad-Ali Abdurahmonov chap boldir oldi o'rta uchlik yuzasi yirtilgan jarohat, tubida suyak ko'rinishi tashxisi bilan tez tibbiy yordam mashinasida birinchi yordam ko'rsatish maqsadida shifoxonaga olib ketildi.

Shifokorlarning hulosasiga ko'ra, hujumchimiz jiddiy jarohat olmagan. Biroq uning tezda maydonga qaytishi yanada jiddiyroq jarohatga olib kelishi mumkin. Shu sababli Abdurahmonov tiklanish jarayonidan o'tishi lozim. "Surxon" tibbiy departamenti rahbari Baxtiyor Mirsagatovning baholashicha, Abdurahmonov 2 haftada safga qaytadi", – deyiladi xabarda.

Eslatib o'tamiz, "Surxon" 15 iyun kuni Termizda "Neftchi"ni mehmon qilib, durang o'ynagan edi (0:0).


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: "Сурхон" матбуот хизмати