Srechko Katanets: "Biz to'liq mahoratimizni namoyish etmay turib, uch ochkoni qo'lga kiritdik. Raqib darvozaboni o'z jamoasini uchta goldan saqlab qoldi"

Абдулвосит Бектемиров
11 sen 2024
O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets Qirg'iz Respublikasiga qarshi bahsdan so'ng saytimiz jurnalisti Abdulvosit Bektemirov bilan kichik suhbat qurdi.

- Bugungi qiyin uchrashuvdagi g'alaba bilan tabriklayman. Yuz foizlik natija qayd etayotganimiz ajoyib, ammo o'yin bo'yicha savollar ko'p. Keyingi uchrashuvlarda jamoa o'yinini qanday yaxshilashingiz mumkin?

- Asosiy tarkibimizdagi besh nafar futbolchi, ayni damda o'z klublarida o'yin amaliyotisiz qolib ketyapti. Bu vaziyatni o'nglab olish uchun yana bir oy vaqtimiz bor. Abduqodir Husanovning ham safga qaytishini kutyapmiz. Keyingi FIFA kunlarida jismoniy holatimizni yanada yaxshilab olishimiz kerak. Jismoniy holatimiz yaxshilanishi ruhiy tomonlama tayyorgarlik va koncentraciyaga bog'liq. Biz o'zimizning to'liq mahoratimizni namoyish etmay turib, uch ochkoni qo'lga kiritdik. Qanday holatda bo'lishimizdan qatiy nazar, biz g'alaba qozonishga va ochkolar jamg'arib borishga majburmiz.

- Uchrashuv davomida ko'pgina futbolchilar o'z poziciyasini tez-tez almashtirib turdi va mening fikrimcha, shu sababli bugungi bahsda ko'p individual xatolar kuzatildi...

- Futbolchilar har doim ham bir zonaga javobgar bo'lavermaydi. Har doim ham bir joyga turib o'ynashning iloji yo'q. Futbolchilar maydondagi to'liq erkinlikka ega va ular maydonda o'zi istagan harakatlarni bajarishlari mumkin. Ular "robot" emas-ku. Futbolchi xohlagan qanotda o'ynashi mumkin. Biz birinchi bo'limda juda ajoyib o'yin namoyish etdik, ammo raqib darvozaboni shunchaki "dahshatli" o'ynab yubordi va o'z jamoasini uchta goldan saqlab qoldi. Yagona muammo - biz gol o'tkazib yuborganimiz. To'p nazorati bizda edi, raqib esa qarshi hujumda gol urdi. Bugungi o'yinimizdan juda xursandman.




Srechko Katanets Qirg'iz Respublikasiga qarshi kechgan qiyin uchrashuvdan so'ng nimalar dedi? (to'liq matbuot anjumani)


Абдулвосит БектемировMuallif
Manba: championat.asia