Jurnalistlarning "qovun"i yoxud O'FAning tizimi to'g'ri ishlamoqdami?

Абдулвосит Бектемиров
29 mar 2026
So'nggi kunlarda Toshkent shahri FIFA Series musobaqasiga mezbonlik qilayotganidan xabardorsiz.

O'tgan yozda terma jamoamiz JCH yo'llanmasini qo'lga kiritdi va barchasi o'zgarib ketdi. Futbolchilar va MTJ jamiyat orasida eng ko'p muhokama qilinayotgan mavzulardan biriga aylandi. Terma jamoamizning asosiy yetakchisi Otabek Shukurov ham kuni kecha shuni ta'kidlab o'tdi.

"Hozirgi kunda barchaning e'tibori bizda", - deya ta'kidlab o'tdi Otabek Shukurov.

Terma jamoamiz JCHga chiqqanidan so'ng OAVning futbolga bo'lgan e'tibori ham karrasiga oshdi. Mahalliy OAV ko'proq futbol haqida yozib, yorita boshladi. Bu tabiiy hol. Mart oyidagi FIFA kunlari ham istisno emas. Terma jamoamizning mashg'ulotlarini va kunlik hayotini yoritib borayotgan OAV etarlicha. Terma jamoaning o'yinlarini va mashg'ulotlarini yoritish uchun har bir jurnalist O'FA tomonidan tasdiqlangan akkreditatsiyaga ega bo'lishi kerak. Ushbu jarayon musobaqa yoki FIFA kunlari boshlanishidan bir necha kun yoki hafta avval boshlanadi. O'FA matbuot xizmati bu haqda OAV vakillariga xabar beradi va har bir nashr o'z muxbirlarini ro'yxatdan o'tkazish jarayonini boshlaydi. Dunyodagi har bir futbol yoki sport musobaqasini yoritish akkreditatsiya orqali amalga oshiriladi. FIFA Series musobaqasiga ham akkreditatsiyalarni berish jarayoni ham bo'lib o'tdi. Meni hayron qoldirgan jihat shundaki, bu safar o'ta ko'p "jurnalist"lar akkreditatsiyani qo'lga kiritishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda blog yuritadigan shaxslardan boshlab(ayniqsa futbolga aloqador bo'lmagan kontent yaratuvchilar), shunchaki Eldor Shomurodovga o'xshaydigan bir yigit ham OAV vakillariga taqdim etiladigan akkreditatsiyani qo'lga kiritdi. Bu dahshat! Yanvar oyida Yevropaga safar qildim va YCHLning 7-turidan o'rin olgan "Budyo Glimt" - "Manchester Siti" (3:1) o'yinida ishladim. UEFA akkreditatsiyaga topshirgan arizani ko'rib chiqishi va akkreditatsiyani tasdiqlashi uchun uch haftadan ko'proq vaqt ketdi va bir necha marotaba turli xil qo'shimcha hujjatlarning talab etildi. Vaqt ham mayli, UEFAning media vakillari uchun yaratilgan portaldan ro'yxatdan o'tib, o'z shaxsingizni tasdiqlab olishning o'zi bir muammo. Tekshiruv o'ta puxta. Bizda deyarli duch kelgan inson akkreditatsiya olib yuribdi.

Bir necha kun avval O'zbekistonning turli xil yosh toifalaridagi jamoalarda va 2017 yildan buyon milliy terma jamoa safida harakat qilib kelayotgan Rustam Ashurmatovga o'zingizni tanishtirib yuboring deb iltimos qilindi. Bugungi mashg'ulotda esa asosiy tarkibning yetakchisi futbolchisi hisoblangan va JCH-2026 3-saralash bosqichidagi jami 10ta uchrashuvning barchasida asosiy tarkibda boshlab, umumiy 900 daqiqa o'yin vaqtidan 886 daqiqani maydonda o'tkazgan Odiljon Hamrobekovga boshqa ism bilan murojaat qilindi. Hamrobekov ham savol bergan jurnalistdan intervyu berayotgan futbolchining ismini yodlay olishni iltimos qildi. Bunday xunuk holatlardan so'ng futbolchilarning sport jurnalistlariga bo'lgan munosabati va ular haqidagi fikri salbiy tomonga o'zgarishi tabiiy, afsuski.

hamrobekovv.JPG

Bunday xunuk holatlarni kamaytirish uchun yagona echim - O'FA ishlash tizimini ko'rib chiqishi. Akkreditatsiyani ko'chadan kelgan har bir insonga beraversak, bunday "qovun"lar soni kamaymaydi. O'FA qanday mezonlar orqali akkreditatsiyalarni tasdiqlaganini bilmayman, lekin hozirgi tizim noto'g'ri ishlamoqda. Muammo faqatgina akkreditatsiyalash jarayonida emas. Umuman olganda, media vakillariga yaratib berilayotgan sharoitlar ham ayanchli ahvolda. "Paxtakor" stadionida o'tkazilgan Venesuela - Trinidad va Tobago o'yiniga ham bordim. O'yindan keyingi matbuot anjumani umuman tashkil etilmadi. Futbolchilar intervyu berishi uchun alohida ajratiladigan "mixed zone" qayerda joylashganini esa yarim soatdan ko'proq vaqt o'tganidan so'ng o'zim topib oldim. "Bunyodkor" stadionida esa so'nggi marotaba MTJning qaysi o'yinida wi-fi ishlagani va internet barqaror ishlab turgani esimda yo'q. Gabonga qarshi uchrashuvga bir xorijlik jurnalist tashrif buyuribdi. Media tribunada wi-fi ishlamayotganidan xabar topganida, yoqasini ushlab qoldi. Men O'FA taqdim etayotgan sharoitlarni Qatar yoki Saudiyadagi shart-sharoit bilan solishtirmayapman. Hattoki qo'shni Qirg'izistonda ham OAV uchun terma jamoa ishtirokidagi uchrashuvlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ancha yaxshi edi. 1941 yilda barpo etilgan Bishkekdagi "Dolon Omurzakov" stadionidagi internet, hashamatli "Bunyodkor" stadionidagi internet tezligidan barqarorroq va tezroq.


Абдулвосит БектемировMuallif
Manba: championat.asia