Rustam Ashurmatov: "Fabio Kannavaro o'zi bilganlarini o'rgatib, barchasini birdek olib bormoqda"

Mirjalol Normatov
15 noya 2025, 01:15
Misrga qarshi o'yindan keyin O'zbekiston termasi futbolchisi Rustam Ashurmatov fikrlarini bildirdi.

- Hudoga shukur, o'zimiz istagan o'yinni qila oldik. Bahsga tayyorgarlik chog'ida raqiblarning kuchli va kuchsiz tomonlarini o'rganib chiqqandik. Murabbiylarning ko'rsatmalarini yigitlar qo'lidan kelganicha bajarishga harakat qilishdi va g'alabaga erishdik.

- Fabio Kannavaro futbolchilik faoliyatida himoyachi bo'lgan. U mashg'ulotlarda himoyachilar bilan qo'shimcha ishlamoqdami yoki boshqacha ko'rsatmalar berilyaptimi?

- Albatta, o'zi bilganlari bo'yicha ko'rsatmalar berishi kerak. U himoyachilar bilan alohida ishlagani yo'q, lekin himoyada ham yarim himoyada ham hujumda ham o'zi bilganlarini o'rgatib, barchasini birdek olib bormoqda.

- Oldingi mundialga termamiz chiqa olmaganidan keyin mana bu safargi jahon chempionatiga chiqdik. Tayyorgarlikda Afrikaning eng kuchli termalaridan biri mag'lub etildi. Termamiz yangi darajaga chiqmoqda desak bo'ladimi?

- Jahon chempionatiga chiqqandan keyin ushbu turnirda qatnashadigan barcha termalar bilan tengma-teng kurashishga majburmiz. Shu sababli ularning darajasiga chiqishga, tengma-teng o'ynashga harakat qilyapmiz. Turnirgacha jismoniy holatimizni yaxshilab, istalgan raqib bilan kurashishga o'zimizni tayyorlaymiz.

- Oldinda bizni yana Eronga qarshi final kutmoqda. Ushbu termada jamoadoshlaringiz bor. Bu o'yin haqida fikrlaringiz?

- Bunday o'yinlar bizga ham Eronga ham qiyin va qiziq bo'lgan. Yana bir final, unda o'zimiz istagan natijaga erishishni istaymiz va harakat qilamiz. U yerda jamoadoshlarim bor, lekin maydonga terma bilan chiqsam, bunday hissiyotlar unutiladi.


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: championat.asia