Rasmiy xabar: "Istanbul Bashakshexir" Eldor Shomurodovning transfer huquqini to'liq sotib oldi

Оқил Абдубарноев
22 apr 2026, 16:51
Turkiyaning "Istanbul Bashakshexir" klubi Italiyaning "Roma" jamoasidan ijara asosida to'p tepayotgan O'zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodovning shartnomasini to'liq sotib oldi.

Istanbulliklar 30 yoshli markaziy hujumchining shartnomasida ko'rsatilgan 2,8 million evro miqdoridagi sotib olish opciyasini faollashtirishga qaror qilishgan bo'lib, uning ayni vaqtdagi transfer qiymati 7 million evroga baholanmoqda.

Ma'lumki, Shomurodov 2025 yilning yozida "Roma"dan turk klubiga dastlab sotib olish huquqi bilan ijara asosida kelib qo'shilgan edi. Joriy mavsumda u Turkiya Superligasida juda sermahsul o'yin namoyish etib, muhim gollar va uzatmalar muallifiga aylandi hamda mavsumning birinchi yarmidayoq to'purarlar poygasida peshqadamlar qatoriga kirishga ulgurdi. Hamyurtimizning bu qadar muvaffaqiyatli va barqaror ishtiroki klub rahbariyatini ikkilanmasdan transferni to'liq xarid qilishga undadi.

Eslatib o'tamiz, Eldor Shomurodovning "Roma" bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilga qadar mo'ljallangan edi, biroq "Bashakshexir" uni to'liq o'z safiga qo'shib olish orqali ushbu kelishuvni muddatidan avval yakunladi. Rimliklar safiga qadar esa tajribali hujumchimiz Italiya A Seriyasida "Jenoa", "Speciya" va "Kalyari" kabi jamoalar sharafini himoya qilgan.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Transfermarkt