Pol Gaskoynni hushsiz holda topishdi

Sherzod Nurmatov
21 iyul 2025
Angliya terma jamoasining sobiq futbolchisi Pol Gaskoyn hushini yo'qotib, shifoxonada reanimaciyada yotibdi.

Bu haqda "Mirror Football" nashri xabar berdi.

"Tottenxem" va "Nyukasl"ning 58 yoshli sobiq yarim himoyachisi Angliyaning Pul shahridagi uyida hushsiz holda topildi. Futbolchini so'nggi paytlarda unga uy yumushlarida yordam berib kelayotgan eski do'sti Stiv Foster shu holatda ko'rgan va darhol shifokorlarni chaqirgan.

Manbaga ko'ra, Gaskoyn reanimaciyaga yotqizilgan, biroq hozir uning ahvoli barqaror va tuzalib bormoqda. Taxminlarga ko'ra, sobiq futbolchi bir necha kun kasalxonada qolib, shifokorlar nazoratida bo'ladi.

Gaskoyn – Angliya futboli Shon-sharaf zali a'zosi. U 1990 yilgi Jahon chempionati va 1996 yilgi Yevropa chempionatining ramziy terma jamoalariga kiritilgan. Ikki karra Shotlandiya chempioni, Angliya Kubogi va Shotlandiya Kubogi sovrindori sanaladi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Mirror Football