O'zbekistonning 2025 yildagi bolalar futboli bo'yicha eng yaxshi murabbiyi Yusuf Ergashev: "Bu mukofotni otamga bag'ishlayman"

Iskandarov Abdulaziz
3 fev 2026
O'FA har yili mavsum yakunlariga ko'ra, yoshlar va bolalar bilan ishlayotgan murabbiylarni ham taqdirlab bormoqda.

2024 yil mazkur nominaciyada "Paxtakor" U-19 murabbiyi Bobur Abdurahmonov g'olib chiqqan bo'lsa, 2025 yilgi sovrin "Bunyodkor" akademiyasida 2010 yillar jamoasi bilan ishlab kelayotgan Yusuf Ergashevga nasib qildi. Biz yosh murabbiyning bu boradagi taassurotlari bilan qiziqdik. 

- Dastlab futbolga kirib kelishingiz va hozirgi kungacha bosib o'tilgan yo'l haqida aytib bersangiz...

- Men Ergashev Yusufjon 1997 yil 22 noyabr kuni Toshkent shahrida tug'ilganman. 8 yoshimda "Bunyodkor" akademiyasiga qabul qilinganman. Futbolchilik faoliyatim davomida "Bunyodkor"ning 2-liga, 1-liga va o'rinbosarlar jamoalarida to'p tepganman. Ayrim sabablarga ko'ra futbolchilik faoliyatimni o'z xohishim bilan erta yakunlashga majbur bo'lganman.

Murabbiylik faoliyatim 2019 yildan boshlangan. 2019 yil yanvar oyida "Bunyodkor" akademiyasiga murabbiy sifatida qabul qilinganman va 2005 yilda tug'ilgan "C" guruhi bilan ish boshlaganman. Shu vaqt oralig'ida Jamoliddin Rahmatullaev "Bunyodkor"ning 2005 yilda tug'ilgan "A" guruhiga bosh murabbiy etib tayinlandi va meni birga ishlashga taklif qildi. Men rozi bo'ldim, chunki yosh bo'lganim sababli tajribali va malakali murabbiylardan ko'p narsa o'rganishga intilardim.

Biz birgalikda ikki yil ishladik. Shu davrda Toshkent shahri chempionligini qo'lga kiritdik, Toshkent kubogida g'alaba qozondik. Keyinchalik U-19 jamoasi Jamoliddin Rahmatullaevga topshirildi va men ham ular bilan U-19 jamoasiga o'tdim. Ushbu yil men uchun juda samarali bo'ldi. Chunki U-19 jamoasidagi ishimdan tashqari U-18 jamoasi murabbiyi Anvar Rahimovga ham yordam berib borganman. U kishidan ham juda ko'p tajriba oldim. Mashg'ulotlar oldidan ko'p gaplashar, tajriba almashardik. 

- Bosh murabbiylikdagi birinchi qadamlar...

- Ilk bor mustaqil murabbiylikni boshlash 2023 yilga to'g'ri keladi. U-18 jamoasi bilan ishladim. U paytda jamoa 2005, 2006 va 2007 yillarda tug'ilgan futbolchilardan tashkil topgan edi. Toshkent shahri U-18 chempionatida 2-o'rinni egalladik. Shu yili bir qator futbolchilarim U-19 va U-21 jamoalariga jalb qilindi. Jumladan, Orzubek Turg'unov asosiy jamoa bilan Turkiyadagi yig'inda ishtirok etdi.

Keyinchalik 2010 yilda tug'ilgan "A" guruhi menga ishonib topshirildi. 2024 yildan boshlab ushbu jamoada bosh murabbiy sifatida faoliyat olib bormoqdaman. Shu o'rinda Jamoliddin Rahmatullaev, Anvar Rahimov va Eldor Mahkamovga o'z minnatdorchiligimni bildiraman.

- 2025 yil siz va jamoangiz uchun ko'proq qaysi jihatlari bilan yodda qoldi?

- Mening jamoam 2025 yilda butunlay boshqa qiyofa kasb etdi. Selekciya ishlariga alohida e'tibor qaratdik, jamoaga kuchli va iqtidorli o'yinchilarni taklif qildik hamda ular bilan tizimli ish olib bordik. Natijada O'zbekiston U-16 terma jamoasiga ko'plab futbolchilarni etkazib berdik.

O'tgan yilning eng esda qolarli jihati - Toshkent shahri Premer-ligasida juda ishonchli ishtirok etib, 1-o'rinni egallaganimiz bo'ldi. Bugungi kunda barchaga ma'lum: Toshkent chempionati O'zbekistondagi eng kuchli musobaqa hisoblanadi.

- Bolalar futboli bo'yicha yilning eng yaxshi murabbiyi deb topildingiz. Buni qabul qilish taassurotlari, hissiyotlari qanday bo'ldi? Ushbu sovrinni kimga bag'ishlaysiz?

- Rostini aytsam, buni kutmagan edim. Meni bir kun oldin chaqirishdi va ma'lum vaqtda kelib qatnashishimni so'rashdi. Borib, nufuzli insonlar bilan ko'rishish, suhbatlashish men uchun juda hayajonli bo'ldi. Eng yaxshi yoshlar murabbiyi deb e'lon qilingan paytdagi his-tuyg'ularimni esa so'z bilan ifodalash qiyin edi.

Shuncha murabbiylar orasida ushbu sovrinni qo'lga kiritish men uchun katta motivaciya bo'ldi va o'z ustida yanada ko'proq ishlashga undadi. Bu mukofotni otamga bag'ishlayman, chunki futbolchi sifatida otam orzu qilgan natijalarga erisha olmadim. Xudo xohlasa, murabbiylik faoliyatimda otam orzu qilgan marralarga yetish uchun bor kuchim bilan harakat qilaman.

- Kelajakdagi maqsadlaringiz qanday?

- Oldimda qo'ygan maqsadlarim juda ko'p. 2026 yilda barcha chempionatlarda muvaffaqiyatli ishtirok etish, yanada ko'proq shogirdlarimni O'zbekiston U-16 terma jamoasiga etkazib berish asosiy vazifalarimdan biri. Shuningdek, kelajakda Yevropa jamoalarida murabbiy sifatida faoliyat olib borish ham oldimga qo'ygan katta maqsadlarimdan.

Bu albatta oson yo'l emas. Ammo mehnat, sabr va ishonch bilan, Xudo xohlasa, barcha maqsadlarimizga etamiz.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia