Levi Garsiya ketma-ket ikki o'yinda penaltidan gol ura olmaganini izohladi

Sherzod Nurmatov
31 mar 2026
Trinidad va Tobago terma jamoasi hujumchisi Levi Garsiya FIFA Series turniri 2-turi doirasida Gabonga qarshi o'yindan so'ng Championat.asia saytiga intervyu berdi.

– Bugun Gabon darvozasiga ikkita gol urdingiz. O'yin va jamoangizning turnirdagi ishtiroki haqida fikrlaringiz qanday?

– Bilasizmi, tarkibimizda yosh yigitlar ko'p. Bu erda bo'lishning o'zi katta baxt. Menimcha, biz juda yaxshi o'ynadik. Afsuski, xohlagan natijamizga erisha olmadik, lekin jamoamiz yaxshi harakat qilyapti. Biz o'sish jarayonidamiz.

– Venesuelaga qarshi birinchi o'yinda hisob 0:0 bo'lib turganida penaltidan unumli foydalana olmadingiz. Bugun ham Gabonga qarshi hal qiluvchi penaltida adashdingiz. Jamoa sardori sifatida ketma-ket kelgan muvaffaqiyatsizliklar psixologik jihatdan sizga qanday ta’sir o'tkazdi?

– Futbolchi sifatida bunday holatlar hamisha uchrab turadi. Shuncha vaqtdan beri futbol o'ynab, shuni angladimki, sizda keyingi o'yinda o'zingizni ko'rsatish imkoniyati bo'ladi. Venesuelaga penaltidan gol ura olmadim, lekin bugun o'yin davomida ikkita to'p kiritdim. Muhim penaltini amalga oshira olmadim, lekin bu futbol va men bundan saboq chiqaraman.

– O'zbekistonda o'tkazilgan FIFA Series turniri haqida taassurotlaringiz qanday? Toshkentdagi futbol muhiti haqida nima deya olasiz?

– 10 balli tizimda 10 ballga baholayman. Hammasi a'lo darajada tashkil etilgan. Turnir juda yaxshi o'tdi. Biz bu erda ekanligimizdan xursandmiz. Umid qilamanki, keyingi safar bundan yaxshiroq natijaga erishamiz.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia