Fabio Kannavaro: "Superligadagi o'yin tempi juda past. Har bir futbolchi men tomonimdan kuzatib borilayotganini his qilishi lozim. Eshiklar barcha uchun ochiq" (matbuot anjumani)

Абдулвосит Бектемиров
26 mar 2026
O'zbekiston MTJ bosh murabbiyi Fabio Kannavaro FIFA Series musobaqasidan o'rin olgan Gabonga uchrashuvdan oldin tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Kech qolganim uchun uzr. O'rtoqlik o'yinlari bo'lishiga qaramay, eng yaxshi o'yinimizni namoyish etishga harakat qilamiz. Ko'proq narsa o'rganib olishimiz kerak. Mundial yaqinligini tushunib turibmiz. G'alaba qozonishga harakat qilamiz", - deya fikr bildirdi Fabio Kannavaro.

- Joriy yig'inga ko'plab yarim himoyachilar jalb etildi. Terma jamoamizning asosiy futbolchilari bo'lgan Otabek Shukurov va Odiljon Hamrobekov kabi taniqli nomlardan tashqari Umarali Rahmonaliev va Ibrohim Ibragimov kabi futbolchilar MTJdan chaqiruv oldi. Maydon markazida nomzodlar juda ko'payib kyetmadimi? Masalan, nega bor-yo'g'i uch nafar vinger - Dostonbek Hamdamov, Oston O'runov va Alisher Odilov chaqiruv oldi? Yarim himoyachilar ko'payib, vingerlar kamayib ketganining sababi nimada?

- Ayrim holatlarda o'yin davomida uslubimizni o'zgartirishga qaror qilaman. Shu sababli ko'plab yangiliklar qilib ko'rish uchun markazdagi o'yinchilar qo'l keladi. Shuningdek, bu safar hujumchilarimiz bir nafarga ko'proq.

- Gabon terma jamoasi asosiy yulduzi Obameyang O'zbekistonga kelmadi. Ularning yo'qligi MTJga qanchalik qo'l kelishi mumkin?

- Ochig'ini aytaman, men o'z jamoamni o'yinga tayyorlash bilan bandman. Raqib haqida o'ylashni istamayman, sababi o'z jamoam haqida qayg'urishim lozim. Gabon so'nggi uchrashuvlarda qanday ishtirok etganini o'rganib chiqdik. Obameyang - eng yaxshi hujumchilardan biri. Biz esa o'z ustimizda ishlashimiz va kamchiliklarimizni yaxshilashimiz kerak. Biz o'yinga 100% tayyor bo'lishimiz kerak.

Futbolni nomlar o'ynamaydi. Muhimi, maydondagi o'yin sifati. Bazan nomdor futbolchiga ega bo'lmagan jamoalarga past nazar bilan qarash bo'ladi, bunday bo'lishi mutlaqo noto'g'ri. Biz maydonda to'liq koncentraciya bilan harakatlanishimiz kerak.

- Jarohat olgan futbolchilarning holati haqida ma'lumot bera olasizmi? Fayzullaev va Masharipovning jarohati va ularning hozirgi holati haqida aytib o'tsangiz...

- So'nggi bir oy davomida ko'plab futbolchilarni kuzatib bordim. O'tgan oy jarohatlangan futbolchilarimiz jarrohlik amaliyotini o'tkazgan Rim shahrida ham bo'ldim. Menimcha, men har bir futbolchi bilan imkon qadar ko'proq gaplashishim kerak. Har bir futbolchi unga ishonishayotganini his qilishi kerak. Terma jamoaning eshiklari barcha uchun ochiq. Albatta, o'zim yig'adigan jamoa va tarkib bo'ladi. Lekin barchani kuzatib borishim ham kerak.

Abbos men terma jamoaga kelganimdan beri deyarli har doim jarohatda. Bizda 2-3 nafar futbolchi bor, ammo jarohatlanganlarning o'rnini bosa oladigan futbolchilarni ham tayyorlab borishimiz kerak. Bilmayman, ular mundialga boradimi yoki yo'q. Biroq men ularga imkon qadar yordam berishga va JCHning bir qismi bo'lishga harakat qilaman. So'nggi soniyalargacha ular mundialga boradigan ro'yxat ichida bo'lishadi. Oxirida esa qaror qabul qilinadi. Barchaning imkoniyatini teng.

fabuio.jpg

- Ertangi uchrashuvda jangovar tarkibni maydonga tushirasizmi yoki yig'inga jalb etilgan yosh futbolchilarga imkoniyat beriladimi?

- Ushbu o'rtoqlik o'yinlarida har bir futbolchiga imkon qadar ko'proq o'yin amaliyotini taqdim etishni ko'zlaganman. Bunday o'yinlar orqali futbolchilarni ko'rib olishimiz mumkin.

- Ushbu FIFA kunlari Jahon chempionatidan oldingi so'nggi xalqaro tanaffus. Mart oyida terma jamoa yig'iniga jalb etilgan tarkib JCHga yo'l oladigan futbolchilar, deb hisoblasak bo'ladimi? Jarohatlanganlardan tashqari, albatta…

- Yo'q, menda 55 nafar futbolchidan iborat ro'yxat bor. Hamma narsa ro'y berishi mumkin. Bunga tayyor bo'lishimiz kerak. Joriy mavsum davomida qaysidir futbolchi o'zini yaxshi tomonlama namoyish etsa va yorqin o'yin ko'rsatsa, uni ro'yxatga qo'shishim mumkin. Ro'yxatni o'zgartirish men uchun muammo emas.

- Superligada ko'plab futbolchilar juda yaxshi o'yin namoyish etishmoqda. Imkoningiz bo'lganida, yana qaysi futbolchilarni terma jamoaga chaqirgan bo'lardingiz?

- Juda ko'plab futbolchilarni terma jamoaga chaqirishim mumkin edi. Dubaydagi yig'inda ham ko'plab mahoratli futbolchilarni ko'rib oldim. Bunday muammo borligi va tanlov qiyinligidan xursandman. 55 nafar futbolchidan iborat ro'yxatimdagi ko'plab futbolchilar MTJga chaqiruv olishi mumkin. Kimdir yosh futbolchi, kimdir esa tajribali. Ismlarni aytib o'tmayman, nomlarni ochiqlashim noto'g'ri bo'ladi. Dubayda ham ko'plab futbolchilarni ko'rib oldim, ular bilan suhbatlashdim. Yaxshi jihat shundaki, har bir futbolchi terma jamoaga chaqirilayotganidan juda-juda xursand. Nazarimda, eng muhim jihat shu. Futbolchilarda shunday hissiyot bo'lishi kerak. Biz bilan birga bo'lmagan futbolchilar bilan aloqada bo'lishimiz lozim. Bu muhim jihat. Har bir futbolchi MTJ murabbiylar shtabi tomonidan kuzatib borilayotganini his qilishi kerak.

- Alessandro Del Pero bilan bo'lgan podkastda JCH-2006 finalidagi penaltilar seriyasidagi bosim haqida aytib o'tdingiz. MTJdagi futbolchilarga penaltilar bo'yicha maslahat berasizmi? Sababi O'zbekiston terma jamoasining penaltilar seriyasi borasida unchalik omadi kelmayapti…

- Siz Dubaydagi so'nggi penaltilar seriyasini unutgan ko'rinasiz (kulib). Biz 11 metrlik zarbalarni mashq qilishimiz kerak. Shu sababli Dubaydagi musobaqada Eronni mag'lub etdik. Ayrim vaziyatlarda penaltilar seriyasini mashq qilish etarli emas. Hissiyot va bosim bo'ladi. Men futbolchilarni mashg'ulotlar davomida 11 metrli zarbani qanday ijro etishlarini ko'rib, ro'yxat tuzib chiqdim. Shundan so'ng ro'yxatini futbolchilarga berib, kim qachon zarba berishini aytdim.

persssa.jpg

- Vladimir Nazarov bu safargi yig'inga chaqirilmadi. Buning sababi Superkubok finalidagi xatomi? Shuningdek, Jahon chempionatida kim birinchi raqamli posbon bo'lishi aniqmi?

- Men ishongan futbolchilarimni terma jamoaga chaqiraman. Hozirgi vaqtda terma jamoaga chaqiruv olgan futbolchilar haqida gaplashishimiz kerak. Ro'yxatdan o'rin olmagan nomlar haqida o'ylab o'tirish manosiz. Ular o'zlarini yanada yaxshiroq ko'rsatib, terma jamoaga chaqirishimga sababchi bo'lishlari kerak.

Bugungi kunga qadar besh nafar darvozabonni terma jamoaga yig'inlariga jalb etdim. Bu yaxshi raqobat, degani. Barcha darvozabonlarning darajasi yuqori. Umid qilamanki, ushbu musobaqa davomida ularga imkoniyat bera olaman. Kim asosiy tarkibdan joy olishini esa ertaga ertalab aniqlayman. Men barcha futbolchilarni bir xil tarzda mashg'ulot qildiraman. Shu sababli barchasi so'nggi soniyalarda hal bo'ladi.

- FIFA Series musobaqasi bo'lmaganida, Gabon va Venesuela o'rniga qaysi terma jamoalar bilan o'rtoqlik o'yinlari tashkil etishni maqul ko'rardingiz?

- Hozirgi kunda kuchli klub topishning o'zi qiyin. Lekin Jahon chempionati oldidan biz 2 ta kuchli jamoaga qarshi maydonga tushamiz. Bittasi - Kanada, ikkinchisi endi aniq bo'ladi.

- Erondagi legioner futbolchilarimizning hozirgi holatidan qanchalik xavotirdasiz?

- Bu yana bir jiddiy muammo. Birinchi navbatda, yigitlar urush boshlangan mamlakatni tezda tark etganlari muhim. Biz ularga yordam berishga harakat qilyapmiz. Jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy yigitlar bilan alohida ishlamoqda. FIFA bilan ham muloqotdamiz. Dastlab, FIFAdan ruxsat olishimiz kerak.

- Ayrim katta terma jamoalarda ikkita teng darajali tarkib bor. Bizda esa asosiy futbolchilarimiz jarohat olmoqda. Ushbu futbolchilarning o'rnini bosa oladigan zaxira futbolchilarimiz bormi? Ularning darajasi qanchalik bir-biriga yaqin?

- Agar futbolchi Yevropada o'ynasa, demak, u haqiqatan ham kuchli. Superliganing asosiy muammolaridan biri - intensivlik. O'yin tempi yuqori darajada emas. Futbolchilarning jismoniy holati har doim ham yaxshi emas. O'tgan oy Ramazon bo'ldi va ko'plab futbolchilar ro'za tutishdi. Shu sababli Superliga uchrashuvlaridagi o'yin tempi past edi. Mahalliy futbolchilarga har doim o'z ustida ishlashlari kerakligini aytaman. Meni xavotirga solayotgan narsa shu. Jismoniy holatimizni yaxshilashimiz kerak. Mundialga uch hafta qolganida bu muammoga echim topa olmaymiz. Biz yanvar oyidan buyon ushbu muammoni bartaraf etish ustida bosh qotiryapmiz.

fabioooo.jpg


Абдулвосит БектемировMuallif
Manba: championat.asia