Dragan Cheran: "'So'g'diyona'ga qarshi o'yin 4:0 bo'lishini kutmagandik"

Оқил Абдубарноев
1 mar 2026
"Andijon" hujumchisi Dragan Cheran "So'g'diyona"ga qarshi o'yindan so'ng (4:0) klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.

– Dragan, g'alaba bilan tabriklayman. Taassurotlar qanday? 

– Rahmat. Juda qiyin o'yin bo'ldi. Garchi 4:0 hisobida g'alaba qozongan bo'lsak-da, o'yin og'ir kechdi. Xudoga shukur, oson o'tmagan bellashuvda g'alaba qozonishga muvaffaq bo'ldik. Albatta, vaziyatlardan unumli foydalanib, muxlislar oldida g'alaba qozonishimiz kerak edi. 

– Hisobning 4:0 bo'lishini kutganmidingiz?

– Yo'q, kutmagandik. Ammo o'yinda shunday natija qayd etildi. Albatta, shunday bo'lishi uchun harakat qildik. 4:0 – o'ylashimcha, ajoyib natija. 

– Sizda to'purarlik salohiyati mavjud va ilk turdanoq gol urishni boshladingiz. Bu esa to'purarlik kurashidagi dastlabki yurishingizni anglatmoqda...

– Hujumchilar o'rtasida to'purarlik uchun poyga boshlandi. Qolganini vaqt ko'rsatadi. Asosiysi, jamoamiz g'alaba qozondi. Birinchi navbatda, individual natija emas, balki jamoaning muvaffaqiyati muhim.  

– "Bobur arena"dagi atmosferani qanday tariflaysiz?

– Atmosfera super, tariflashga so'z yo'q. Muxlislarga rahmat. Har o'yinda jamoamizni mana shunday qo'llab-quvvatlashini kutamiz.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: "Андижон" матбуот хизмати