

– 18 yoshida "Chelsi" 2,5 mln evroga sotib olgan;
– Italiya A Seriyasida Janluiji Buffon, Janluiji Donnarumma kabi nomdor posbonlar darvozasiga to'p kiritgan;
– Yevropa Konferenciyalar ligasi tarixidagi birinchi gol muallifiga aylangan;
– Bugungi kunda jamoadoshi hisoblangan Jamshid Iskanderovi bor O'zbekistonga qarshi maydonga tushgan.
Stipe Perica 1995 yil Xorvatiyada tug'ilgan. Professional faoliyatini Xorvatiyaning "Zadar" klubida boshlagan. Asosiy jamoa safidagi debyutini o'sha yilning sentyabr oyida o'tkazgan. Ilk mavsumidayoq chempionatning 20 o'yinida 8 ta, barcha musobaqalarni qo'shib hisoblaganda 10 ta gol urishga erishgan.
Yoshligimda, ko'chada jiyanim Antonio Chulina bilan birga to'p tepardik, hammasi shundan boshlangan. Yoshligimda har yakshanba televizorda futbol tomosha qilardim. Ko'plab derbilarni bilaman.
2013 yilning 1 avgustida Perica 2,5 million evro evaziga "Chelsi" bilan shartnoma imzoladi. "Aristokratlar"ga kelib qo'shilganidan so'ng, klub uni Niderlandiyaning "NAK Breda" jamoasiga ijaraga berdi.

18 yoshga to'lganimdan bir necha kun o'tib "Chelsi"ga ketganman. "Zadar"da 17 yoshimda o'ynaganman, shuning uchun o'sha paytda vaziyatni to'liq anglamaganman, hech narsani tushunmaganman va meni nima kutayotganini ham bilmasdim. Shunchaki sinovlarni engib o'tish qiyin bo'ldi, ammo buning yaxshi va yomon tomonlari bor edi. O'ylaymanki, hayotiy tajriba meni bugungi shaxs sifatida shakllantirdi va afsuslanadigan hech narsam yo'q deb hisoblayman.
Stipe "NAK Breda" safidagi debyutida zaxiradan maydonga tushib, mehmonda "Roda" ustidan qozonilgan 5:1 hisobidagi g'alabada ilk golini urdi. Bir necha haftadan so'ng, "Xerakles"ga qarshi bahsda (2:1) g'alaba keltiruvchi gol muallifiga aylandi. 2014 yilning 16 fevralida "Feyenoord"ga qarshi o'yinda zaxiradan maydonga tushganidan bor-yo'g'i 4 daqiqa o'tib, maydondan chetlatildi.
O'sha yilning avgust oyida uning ijara shartnomasi mavsum yakuniga qadar uzaytirildi. Biroq "Breda" bosh murabbiyi Neboysha Gudel iste'foga chiqarilgach, uning jamoadagi roli pasayib, kam maydonga tushadigan o'yinchiga aylanib qoldi va ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'lish maqsadida klubni almashtirishni so'radi. 2015 yil 22 yanvarda uning "NAK Breda" bilan ijara kelishuvi yakunlandi va "Chelsi" uni 2016 yilning iyun oyiga qadar "Udineze"ga ijaraga berdi.
Perica "Napoli"ga qarshi bahsda debyut qildi va 78-daqiqada Brunu Fernandesh o'rniga zaxiradan maydonga tushdi. 2015 yil 4 aprelda Perica "Udineze"ning asosiy tarkibida ilk bor maydonga tushdi. 17 may kuni esa "Roma"ga qarshi o'yinda ilk golini urdi, ammo uchrashuv "Udineze"ning 1:2 hisobidagi mag'lubiyati bilan tugadi.
Italiyada mashg'ulotlar ancha intensiv. Birinchi navbatda taktika, asosiy farq shunda, keyin esa hujum. Niderlandiyada hujumchi uchun ko'proq bo'sh hudud bor. Xorvatiyada ham shunday. Farq shundaki, Italiyada bo'sh nuqta topish uchun ko'proq ter to'kish kerak.

3 iyunda "Udineze" Pericaning ijara shartnomasini bir yarim yilga uzaytirdi. 20 dekabrda u "Torino" ustidan 1:0 hisobida g'alaba qozonilgan o'yinda jamoasiga g'alaba keltirgan gol muallifiga aylandi. Shuningdek, u o'sha paytda Janluiji Buffon qo'riqlagan "Yuventus" hamda Janluiji Donnarumma qo'riqlagan "Milan" darvozalarini ishg'ol qilgan.
"Yuventus"ga qarshi ilk marta maydonga tushganimda, Buffonga "Darvozangizga albatta gol uraman" deganman. 10 daqiqa ichida umuman to'pga tega olmaganman. Lekin "Udineze" "Yuventus"ning yangi stadionidagi ilk g'alabasiga erishgandi. Shu tariqa, birinchi o'yin, ikkinchi o'yin, uchinchi, to'rtinchi o'yin o'tdi, men u qo'riqlayotgan darvozaga gol ura olmadim. Keyingi bir o'yinda asosiy tarkibda maydonga tushdim va o'yin boshlanishidan oldin u menga: "Gol urishga harakat qil, chunki men qaridim, abadiy o'ynamayman", dedi. Va nihoyat, dastlabki olti-etti daqiqa ichida gol urdim va bu ajoyib tuyg'u edi. O'yindan keyin u yonimga kelib, menga libosini berdi va biz futbolkalarimizni almashdik, iliq xotira qolgan.
"San-Siro"da gol urish yoqimli tuyg'u. Bilasizmi, bu ham bir orzu, yoshligingizda eng yuqori darajada o'ynashni va dunyoning eng yirik stadionlarida gol urishni o'ylaysiz. Masalan, "San-Siro"da yoki men "Roma" va Angliyaning qandaydir jamoasiga qarshi gol urgan "Olimpiko"da. Futbol o'ynashni boshlagan har bir bola mana shu darajaga yetishni orzu qiladi. Xudoga shukurki, bazi narsalarga erishdim va umid qilamanki, hali ko'piga erishaman.
Faxrlanishim mumkin bo'lgan voqealar bor, chunki boshqa mamlakatlarda gol urganman, mashhur futbol yulduzlari bilan bir maydonda o'ynaganman. Nabiralarimga aytib beradigan xotiralar etarlicha.
2016 yil 15 iyunda "Udineze" Pericaning shartnomasidagi maxsus bandni faollashtirdi, unga ko'ra futbolchi Italiya klubi safiga to'laqonli asosda qo'shildi.
2018 yil 18 iyulda Perica A Seriyaning yangi ishtirokchisi "Frozinone" klubiga bir mavsumga ijaraga berildi. Yanvar oyida maydonga tushish imkoniyatlari pasayib ketgach, u "Kasimpasha" klubiga o'tish uchun "Udineze" tomonidan ijaradan chaqirib olindi.
2019 yil 23 avgustda Perica Belgiya Birinchi A divizioni vakili "Muskron" jamoasi safiga 2020 yilning 30 iyuniga qadar ijara asosida kelib qo'shildi.
2020 yil 7 sentyabrda Perica "Udineze"dan Angliya Chempionshipi vakili "Uotford" safiga o'tdi.
"Uotford" safidagi debyutini 15 sentyabrda Angliya liga kubogi doirasida "Oksford Yunayted"ga qarshi bahsda o'tkazdi. O'yin penaltilar seriyasigacha davom etdi va Perica o'z zarbasini aniq amalga oshirib, jamoasining g'alabasiga hissa qo'shdi. Keyingi bosqichda "Nyuport Kaunti"ga qarshi o'yinda Perica qo'pol harakati uchun maydondan chetlatildi, "Uotford" esa 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. "Uotford" safidagi ilk golini 24 oktyabrda "Bornmut" bilan 1:1 hisobida durang qayd etilgan o'yinda kiritdi.
"Uotford"ga kelganimda, jamoa menejeri koronavirusga chalingandi, izolyaciyaga tushishga to'g'ri keldi. Keyin birinchi o'yin bo'ladi, qizil kartochka oldim, tasodifan raqibni tirsagim bilan urib yubordim va uch o'yinga chetlatildim. Keyin gol urdim, elkamdan jarohat oldim, olti haftaga safdan chiqdim... Keyin murabbiy almashdi, keyin yana olti haftaga safdan chiqdim! Tasavvur qila olasizmi? Shunga qaramay, klub safida 20 ta o'yin o'tkazdim.
2021 yil 14 avgustda Perica Isroilning "Makkabi Tel-Aviv" klubi bilan shartnoma imzoladi. O'sha yilning 14 sentyabrda Perica yangi tashkil etilgan Yevropa Konferenciyalar ligasi tarixidagi birinchi gol muallifiga aylandi.

Futbolda hamma narsa bo'lishi mumkin. Bazida uchta o'yinda 10 ta imkoniyatga ega bo'lasiz va gol urasiz. Bazan esa o'yin boshqacha kechadi va siz darvozaga zarba bera olmaysiz. Futbol shunisi bilan qiziq.
Pericaning "Makkabi Tel-Aviv" bilan shartnomasi yakunlanishiga bir yil qolganda, u Yevropaga qaytishni istardi. 2022 yil avgust oyi oxirida "Standard"dan taklif tushgach, muzokaralar cho'zilib ketdi. Shu sababli futbolchi vaziyatni o'z qo'liga olishga qaror qildi va klubning rasmiy ruxsatisiz Belgiyaga uchib ketdi.
"Makkabi" bunday xatti-harakatdan nihoyatda norozi bo'ldi, biroq ishni uzoq sud jarayonlarigacha olib bormaslik va tarkibda sadoqatsiz o'yinchini ushlab turmaslik uchun tomonlar 2 sentyabr kuni kelishuvga erishdilar.
Natijada belgiyaliklar forvard uchun 900 000 evro to'lashdi. U "Standard"da ikki yil faoliyat yuritdi va 2024 yilning sentyabr oyida erkin agent sifatida klubni tark etdi.
Perica 2024 yil sentyabrda erkin agent sifatida "Rieka" tarkibini to'ldirdi. 2025 yil boshida Ruminiyaning "Dinamo Buxarest" libosini kiydi. "Dinamo" safida u 34 ta o'yinda maydonga tushib, 8 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
So'nggi yillarda ko'plab klublarni o'zgartirdim, lekin o'zimga tinch boshpana topa olmadim yoki menga mos keladigan barcha parametrlarga, masalan, tasavvur va ambiciyalarga ega klubni topa olmadim. Uzoqqa bormaslik uchun, o'tgan yili elkamdan operaciya qilingani uchun "Standard Lej"da o'ynamaganim ham bo'ldi. Bundan tashqari, o'sha klubga ko'nikmadim, ishlar yaxshi kyetmadi va bir yilni o'tkazib yubordim. Shuning uchun ham faoliyatim uchun uyga, Xorvatiyaga qaytish eng yaxshisi deb o'yladim. Tanlov hujumkor futbol o'ynaydigan, hujumkor, o'ynaydigan, formasini tiklaydigan, gollar uradigan "Rieka"ga tushdi. Chunki hujumchi bilan qanday bo'lishini bilasiz, agar u o'ynamasa – o'ladi. Bu orqaga chekinish bo'lishini, shuningdek, agar o'ynay boshlasam, uch qadam oldinga olib chiqishi mumkinligini bilardim. Afsuski, bu ish bermadi, vaqtim ko'p emas edi. Va men o'zimga ko'proq mos keladigan boshqa muhit topishga qaror qildim.
2026 yilning fevralida esa O'zbekistonning "Neftchi" klubi bilan shartnoma imzoladi. Xabarlarga ko'ra, 30 yoshli hujumchiga Xorvatiyaning "Istra" va "Varazdin" klublari ham qiziqish bildirgan.

Dunyoda men kuzatadigan ko'plab hujumchilar bor. Menga o'zimga o'xshagan bo'yi baland va gol uradigan futbolchilar yoqadi. Ilgari Rud van Nistelroy va Luka Toni kumirlarim edi. Ularning deyarli barcha golini ko'rganman. Keyinchalik Gonsalo Iguain va Harri Keynning o'yin uslubi va gollari yoqa boshladi.
Perica 2013 yilgi 20 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi jahon chempionatida Xorvatiya terma jamoasi sharafini himoya qildi. 17 yoshli Perica Xorvatiyaning eng yosh o'yinchisi edi va 26 iyun kuni guruh bosqichi doirasidagi O'zbekistonga qarshi o'yinning 67-daqiqasida zaxiradan maydonga tushgan. O'zbekiston tarkibida maydonda bo'lgan Jamshid Iskanderov va Muhsin Ubaydullaev endilikda xorvatiyalik forvardga jamoadosh hisoblanadi. Oradan uch kun o'tib, Stipe Yangi Zelandiya ustidan 2:1 hisobida qozonilgan g'alabada gol muallifiga aylandi.

Bilasizmi, har birimiz qandaydir vaziyatlarni boshimizdan o'tkazamiz, kimningdir hayoti osonroq, kimnikidir qiyinroq, har kimning o'z kurashlari bor. Biz bir-birimizni bilmaymiz... Men sizning nimalarni boshdan kechirayotganingizni bilmayman va siz men nimalarni boshdan kechirayotganimni bilmaysiz. Lekin o'zimni kuchli inson deb hisoblayman va hayotimdagi har qanday vaziyatda hech qachon taslim bo'lmayman.
Oshpaz va oficiantlikdan futbolga. Boake haqida 7 qiziqarli fakt
Yuzi qonga belangan va agentidan noligan "Dinamo"ning urugvaylik futbolchisi bilan tanishamiz
"Lokomotiv" legionerining hayotiy hikoyasi
Otasiga emas, Ronaldinyoga o'xshashni xohlaydigan, gol nishonlagani uchun jamoadan haydalgan "Buxoro"ning ikki niqobli legioneri bilan tanishamiz
Onasi futbolchi bo'lgan, muhtojlarni qo'llaydigan "Dinamo"ning yangi legioneri bilan tanishamiz
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.



