Ayollar futbolida tarixiy rekord! "Chelsi" yulduzi 8 million dollarlik shartnoma imzoladi

Aslanov Jasurbek
18 mar 2026
Londonning "Chelsi" klubi va AQSH terma jamoasi hujumchisi Katarina Makariu "San-Diego Ueyv" jamoasi safiga borib qo'shildi va ayollar futboli tarixidagi eng yirik shartnomaga imzo chekdi.

ESPN nashrining xabar berishicha, mahoratli hujumchining yangi klubi bilan tuzgan shartnomasi 2030 yilning oxiriga qadar mo'ljallangan. Makariu ushbu davr mobaynida qariyb 8 million dollar ishlab topadi va bu ko'rsatkich bo'yicha u ayollar futboli tarixida mutlaq rekordchiga aylandi. Qayd etilishicha, futbolchining transfer summasi 300 ming dollarni tashkil etgan.

Bungacha kim eng boy edi?

Ma'lumot o'rnida, shu vaqtga qadar dunyoning eng ko'p maosh oluvchi ayol futbolchisi mashhur basketbolchi Dennis Rodmanning qizi - Triniti Rodman hisoblanardi. AQSH terma jamoasining yana bir a'zosi "Vashington" klubi bilan shartnomasini uzaytirganidan so'ng, bonuslarni qo'shib hisoblaganda yiliga 2 million dollar daromad olayotgan edi. Endilikda Makariu bu rekordni yangiladi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: ESPN