"Neftchi" klubiga yangi prezident tayinlandi

Sherzod Nurmatov
28 sen 2023
Kecha "Istiqlol" stadionida Farg'ona viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Xayrulla Bozorov boshchiligida "Neftchi" jamoasining kengaytirilgan yig'ilishi bo'lib o'tdi.

"Yig'ilishda viloyat hokimi futbolni yanada rivojlantirish, "Neftchi" klubi qo'lga kiritayotgan yutuqlarni ko'paytirish va jamoaning Superliga musobaqalarida peshqadamlikni mustahkamlab olishini taminlash, buning uchun klub rahbariyati, futbolchilar, murabbiylar va boshqa mutaxassislar mas'uliyatini kuchaytirish masalalariga batafsil to'xtalib o'tdi. 

Shuningdek, viloyat hokimi klub prezidentligiga Xabib Sirojitdinov tayinlanganligini e'lon qildi. Ayni paytda Xabib Sirojitdinov viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag'allikni qisqartirish masalalari bo'yicha birinchi o'rinbosari lavozimida faoliyat yuritmoqda", – deyiladi klub xabarida.

Eslatib o'tamiz, bungacha Farg'ona shahri hokimi Vosiljon Nazarov klub prezidenti lavozimida ishlab kelayotgan edi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: "Нефтчи" матбуот хизмати