

"Kattaqo'rg'on" futbol klubi 2026 yilgi mavsumdan e'tiboran Pro ligada to'p tepadi.
Ikki yil avval klub hududiy Ikkinchi ligada muvaffaqiyatli ishtirok etgan bo'lsa, o'tgan mavsum Birinchi ligada yarim finaliga qadar yetib keldi. Shuningdek, musobaqa davomida o'zidan iliq taassurot qoldirdi.
Dekabr oyidan boshlab "Kattaqo'rg'on" Pro liga bo'yicha talablarni bajarishga kirishdi. Bu yo'lda Liga tomonidan bir qator talablar belgilab berilgan bo'lib, o'tgan davr mobaynida klub ularni bosqichma-bosqich bajardi va 23 yanvar kuni hujjatlarni to'liq rasmiylashtirdi.
Kattaqo'rg'on shahridagi stadionni parvarishlash ishlari davom etayotgan bo'lib, 2026 yildan e'tiboran mazkur maydonda "Kattaqo'rg'on" U-19 jamoasi o'z uy uchrashuvlarini o'tkazadi. Payshanba shaharchasida joylashgan stadion esa Proliga uchun tayyorlanadi. Ayni kunlarda maydonni to'liq yangilash ishlari davom etmoqda. Drenaj va sug'orish tizimlarini zamonaviy holatga keltirish, shuningdek, gibrid maysa yotqizish va uni sinovdan o'tkazish may oyiga qadar davom etishi ko'zda tutilgan bo'lib, buning uchun klub tasischisi 4,5 milliard investisiya kiritish uchun tegishli kompaniya bilan shartnoma imzoladi.
Payshanba shaharchasida joylashgan stadion tribunasi, uning ostida joylashgan texnik hudud to'liq ta'mirga muhtoj bo'lib, "Kattaqo'rg'on" klubi uni talab etilgan minimal ko'rinishga keltirish uchun 5,7 milliard so'm sarflashi ko'zda tutilgan. Maysa, tribuna va texnik hudud to'liq rekonstrukciya qilinguniga qadar, klub raqiblarini Samarqand shahridagi "Dinamo" stadionida qabul qiladi.
Qayd etish kerak, avvalroq Kattaqo'rg'onda Assotsiatsiya qoshidagi futbol akademiyasini tashkil etish bo'yicha Prezident qarori e'lon qilingandi. Shundan kelib chiqilsa, klub asosiy va U-19 jamoa, infratuzilma, bolalar futboli kabi masalalarni Liga talab qilgan ko'rinishga keltirish hamda OFK lisenziyalash talablariga bosqichma-bosqich moslashish imkoniyatiga ega.
2025 yilgi mavsumni Pro ligada o'tkazgan "Jayxun" futbol klubi musobaqadagi ishtirokini davom ettiradi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengashi "Jayxun" klubining kelgusi taqdiri masalasini muhokamaga qo'yib, bu borada aniq reja ishlab chiqish bo'yicha Qoraqalpog'iston futbol assotsiatsiyasiga topshiriq bergandi. Assotsiatsiya yakunda Qaraqalpaq Mәmleketlik Universiteti bilan muzokara o'tkazdi va "Jayxun" futbol klubi faoliyatini universitet negizida davom ettirish masalasida kelishuvga erishdi.
O'tgan vaqt ichida "Jayxun" futbol klubini Qoraqalpoq davlat universitetining sport klubiga o'tkazish ishlari amalga oshirildi. Endilikda u "QMU Jayxun" nomi ostida Pro ligadagi ishtirokini davom ettiradi. Shuningdek, "QMU Jayxun" U-19 jamoasi U-19 chempionatida ishtirok etadi.
Assotsiatsiya va Liga bosqichma-bosqich Qoraqalpog'iston futbolini rivojlantirish strategiyasini amalga tatbiq etib kelmoqda. O'FA qoshidagi Qoraqalpog'iston futbol maktabi endilikda "Aral" klubi hamkorlikda ish olib boradi. Maktab tarbiyalanuvchilari "Aral" futbolchisi sifatida Liga ro'yxatidan o'tkaziladi. Assotsiatsiya qoshidagi futbol akademiyasi esa Qoraqalpog'iston FA sifatida Birinchi ligada to'p tepadi.
"QMU Jayxun" esa universitet bilan hamkorlikda ish olib boradi. Bu o'z navbatida qoraqalpog'istonlik yosh futbolchilarning futbol sir-asrorlarini o'rganishlari va professional futbolga qadar bo'lgan mashaqqatli yo'lni uzilishlarsiz bosib o'tishiga xizmat qiladi.




