Farhod Nishonov: "Jamoamdan boshqacha o'yin kutgandim"

Bugun Proliga yangi mavsumiga start berildi. O'z maydonida "Olimpik Mobiuz"ni qabul qilgan "Sho'rtan" 1:0 hisobida g'alaba qozondi.

O'yindan keyingi matbuot anjumanida "olimpiyachilar" bosh murabbiyi Farhod Nishonov ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- O'yinga yaxshi tayyorgarlik ko'rib, g'alaba qozonishni xohlagandik. Lekin afsuski, bahs biz kutgandek kechmadi. Men jamoamdan boshqacha o'yin kutgandim. Nimayam derdim bu - futbol, mag'lubiyatdan xulosa chiqarib ishlashda davom etamiz.

- "Olimpik Mobiuz" oldiga bu mavsum aniq bir maqsad qo'yilganmi?

- Jamoamiz oldidagi eng katta vazifa - Olimpiya terma jamoamizga o'yinchi etkazib berish, chunki klubimiz olimpiyachilar uchun baza hisoblanadi. Bizni jiddiy vazifa kutib turibdi, lekin buni hamma ham tushunmayapti. Maqsadimizni ayrim futbolchilar tushunib, ayrimlar tushunmayapti. Qolaversa biz Superligani maqsad qilganmiz.

- Jamoa bugun oddiy gol o'tkazdi deb hisoblaysizmi?

- Gol bo'lgan vaziyatni ko'rmadim, lekin ungacha yo'l qo'yilgan xatoni ko'rdim. O'yinni ko'rib tahlil qilamiz.

- Fevral oyida "Olimpik Mobiuz"da maoshlar bilan bog'liq muammo borligi haqida yozishgandi. Ushbu muammo bartaraf etildimi?

- Kim yozgandi? Bizda muammo yo'q, hammasi joyida. Futbolchi rivoji uchun maksimal sharoit qilingan. Faqat futbol o'ynasak bo'lgani.

- Klub rahbariyati bilan munosabatingiz qanday?

- Biz uzoqni ko'zlab reja qilganmiz. "Olimpik Mobiuz" qisqa muddatli loyiha emas. Rahbariyat bilan munosabatim yaxshi. O'tgan yil Superligaga chiqish imkoniyatimiz yuqori edi. Tarkibimiz 80 foizga yangilandi, lekin o'yin uslubimiz o'zgargani yo'q. Keyingi uchrashuvlarda ham yigitlarga ishonamiz.

- Jamoa tarkibida qaysi futbol maktab tarbiyalanuvchilari bor?

- Ko'p akademiyalardan o'yinchi olganmiz. "Nasaf" va "Qizilqum" o'z futbolchilarini qaytarib olishdi. Bir o'yinchimiz "Neftchi"ga transfer bo'ldi. "Lokomotiv"ga ham futbolchimiz ketdi. Hozir jamoada turli viloyatlardan futbolchilar bor.

- Maqsad Superligaga chiqish deyapsiz, lekin nima uchun mahoratli futbolchilarni ushlab qolish imkoni bo'lmayapti?

- Men ham sifatli futbolchilar ko'p bo'lishini xohlayman. Superligada to'p tepayotgan yaxshi futbolchilar bor, lekin ular Superligada o'ynayapti. Biz esa terma jamoada raqobat ko'proq bo'lishi uchun boshqa futbolchilarni tanlayapmiz. Bizga qolsa hamma yaxshi o'yinchilar Superligada o'ynagani maqul. Bu ham terma jamoa uchun yaxshi bo'ladi.

- Bugun "Sho'rtan" o'yinidan qanday taassurot oldingiz?

- "Sho'rtan" har doim yaxshi futbol namoyish etgan. Murabbiyni ham yaxshi bilaman. Jamoaning oxirgi o'yinlarini ko'rib chiqqandik va raqib biz kutgan futbolni namoyish etdi.


Manba: championat.asia