Vilmots ishni daraxt ekishdan boshladi

Xayrulla Xoliqov
28 may 2019, 12:11
Nihoyat, Eron milliy terma jamoasi yangi murabbiyga ega bo'ldi.

Bundan buyon belgiyalik mutaxassis Mark Vilmots eronliklarga ustozlik qiladi. Eron futbol federatsiyasi 50 yoshli murabbiy bilan JCH-2022 oxirigacha shartnoma imzoladi. Shartnoma shartlariga ko'ra, Vilmots yiliga 1 million evro miqdorida maosh oladi. 

Mark Vilmots terma jamoa va federatsiya xodimlari bilan tanishish maqsadida Tehronga tashrif buyurdi va ishni bolalar sport maydonchasida ko'chat o'tqazishdan boshladi. Bu murabbiy qo'l ostida Eron terma jamoasi dastlabki o'yinini 6 iyun kuni Suriyaga qarshi o'tkazadi. Mazkur o'rtoqlik uchrashuvi "Ozodi" stadionida bo'lib o'tadi. Shundan so'ng forslar Seulga yo'l olib, 11 iyunda Janubiy Koreya bilan bellashishadi.


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: tehrantimes.com