Umar Abdulrahmonning "Manchester Siti"ga transferi nega amalga oshmagan?

Оқил Абдубарноев
7 noya 2025
Amirlik futbolchisi ikki hafta mobaynida klub lagerida sinovdan o'tgan.

Kuni kecha Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasi sobiq futbolchisi Umar Abdulrahmon 34 yoshida futbolchilik faoliyatini yakunlaganini ma'lum qildi.

Professional futbolchiligida u "Al Ayn", "Al Hilol", "Al Jazira", "Shabab Al-Ahli" jamoalarida harakat qilgan. Abdulrahmon faoliyati davomida 1 marta Saudiya Arabistoni Superkubogi, 6 marta BAA chempionligi, 1 marta Arab ko'rfazi kubogini qo'lga kiritgan. 2016 yilda Osiyoning eng yaxshi futbolchisi bo'lgan.

Yarim himoyachining porloq davrida unga Yevropaning ko'plab grand jamoalari qiziqish bildirgan. Jumladan, Angliyaning "Manchester Siti" klubida ikki hafta davomida ko'rikda bo'lgan.

Umar Abdulrahmon 2012 yilgi Olimpiya o'yinlarida ko'zga tashlangach, APL klubi 20 yoshli futbolchini taklif etgan.

Manchesterga yetib kelganidan so'ng, u darhol jamoa mashg'ulotlariga qo'shildi. Sinov muddati ikki hafta davom etdi – u nazorat o'yinlarida maydonga tushdi va hisobot ijobiy baholandi. Biroq bitim ishlash ruxsatnomasi (work permit) va terma jamoaning reytingi bilan bog'liq muammolar sabab amalga oshmay qoldi.

Angliya futbol assotsiatsiyasi qonunlariga ko'ra, ish ruxsatnomasini olish uchun futbolchi o'tgan ikki yil davomida o'z mamlakatining "A" toifasidagi xalqaro o'yinlarining kamida 75 foizida maydonga tushgan bo'lishi kerak. Shuningdek, futbolchining mamlakati FIFA reytingida ilk 70 talikka kirgan bo'lishi lozim. BAA esa o'sha paytda 121-o'rinda joylashgandi.

Shunga qaramay, "Siti" Abdulrahmonning Manchestyerdagi mashg'ulot davrida yig'ilgan ma'lumotlarni "Al Ayn" klubi bilan bo'lishishga rozi bo'lgan. Arab klubiga futbolchining xatti-harakatlarini o'z ichiga olgan DVD disklari topshirilgan.

Eslatib o'tamiz, ayni paytda "Manchester Siti"da osiyolik boshqa bir futbolchi – Abduqodir Husanov to'p tepmoqda.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia