"TerDU" ustozi Eldor Boymatov: "Qur'a yaxshi bo'ldi, universitet jamoalari kutilmagan sovg'a qila oladi"

Sherzod Nurmatov
3 mar 2026
Biroz oldin Pro liganing yangi mavsumiga qur'a tashlandi.

Termizning "TerDU" jamoasi chempionatni "Lochin"ga qarshi boshlaydigan bo'ldi. Biz bu borada "TerDU" bosh murabbiyi Eldor Boymatovning fikrlari bilan qiziqdik.

"Qur'a yaxshi taassurot qoldirdi desam yanglishmayman. "Lochin" ham bizga o'xshagan yangi jamoa. O'tgan yili ular bilan to'qnash kelganmiz, qanday jamoa ekanligidan xabarimiz bor. Tarkibga yangi futbolchilarni oldi. Tajribali murabbiy boshqarmoqda. "Lochin" bilan yaxshi o'yin bo'ladi deb o'ylayman. 

"TerDU" rahbariyatiga minnatdorchilik bildiramiz. Tayyorgarligimiz rejadagidek o'tdi. Toshkentda yig'in o'tkazdik. Hozir Surxondaryoda tayyorgarlik ko'ryapmiz. O'rtoqlik uchrashuvlari bu borada yordam bermoqda. Mavsumga yuz foiz shay bo'lishga harakat qilamiz. Oldinda bir oy vaqtimiz bor. 

Raqiblarimizga to'xtalsam, "Sho'rtan", "G'azalkent", "Metallurg" tarkibini kuchaytirdi. Qolgan jamoalar teng kuchli. 

Universitet jamoalari ancha kuchaydi. "FarDU" o'tgan yili Pro ligada qatnashdi. "Lochin", "Jayxun" jamoalarida ham ko'nikma shakllangan. Shunday ekan, bu klublardan kutilmagan syurpiriz kutish mumkin", – dedi Eldor Boymatov.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia