

- Ikkita standart barchasini hal qilib ketdi. Ikkita standart - ikkita gol. Raqibda boshqa golli vaziyat ham bo'lgani yo'q, shekilli.
- "Neftchi"ga qarshi jamoa boshqacha o'yin namoyish qilgandi. Bugun endi umuman boshqa jamoani ko'rdik.
- "Neftchi" bizga qarshi hujumkor o'yin namoyish qildi. Shu sababli biz ham hujumga o'tdik. "Bunyodkor" esa hujumga o'tmay, faqatgina himoyada o'ynadi va qarshi hujumni kutdi. Shu sababli ikki jamoaning taktikasini solishtirib bo'lmaydi. Ikkala jamoaning taktikasi boshqacha.
- "Lokomotiv" mavsumni yaxshi boshladi. Biroq jamoa so'nggi 4 o'yinda 4 ochko to'pladi. Barqarorlikning yo'qolishiga nimalar sabab bo'ldi deb o'ylaysiz?
- Barcha jamoalarda baland-pastlik bo'ladi. Kimdir mavsum boshida ochko yo'qotadi, kimdir o'rtada, kimdir yil oxirida. Kim barqaror bo'lsa, o'sha chempion bo'ladi. Balki raqiblar bizga qarshi boshqacha taktikada o'ynayotgandir. Bizga qarshi raqiblar hujumkor o'ynagisi kelmayapti. O'ynashda davom etamiz, o'z o'yinimizdan uyalmaymiz. Biz hujumda o'ynadik, yutish uchun harakat qildik.
- Bugun O'zbekiston Kubogiga qur'a tashlash marosimi bo'lib o'tdi. Raqiblar haqida nima deya olasiz?
- Raqiblar yomon emas. Hozir Superliga va Proliganing farqi qolmadi. Istalgan jamoa bir-biriga bosh og'riq bo'lishi mumkin. Shu sababli Kubokda syurprizlar ko'p bo'lsa kerak. Barcha guruhlarda kuchli jamoalar bor. Hech qaysi jamoaga oson bo'lmaydi.
- Poytaxt jamoalarida moliyaviy muammolar kuzatilmoqda. Bu jamoaga ta’sir o'tkazmayaptimi?
- Yo'q. Moliyaviy muammo... Shukur qilamiz, barchasi yaxshi. Balki bu ham ta’sir qilishi mumkindir. Lekin moliyaviy muammolari yo'q jamoalar ham yutqazib qo'yishyapti-ku. Agarda yaxshilab qidirsangiz, istalgan joydan bahona topsa bo'ladi. Menimcha aybni o'zimizdan qidirishimiz kerak. Hammasi joy-joyiga tushib ketadi.



