Shohruz Norxonov terma jamoa, "Paxtakor", Anzur va Aliqulov haqida gapirdi

"So'g'diyona" hujumchisi Shohruz Norxonov 6ta gol bilan Superliga to'purari bo'lib turibdi.

Jizzax klubi forvardi bilan kichik suhbat uyushtirdik.

- Superliganing joriy mavsumi qanday taassurot qoldirmoqda?

- Chempionatimizning bu yilgi mavsumi har doimgidan qiziqroq o'tyapti. Buni har turdan keyin musobaqa jadvalida yetakchilarning o'zgarayotganidan ham anglash mumkin. Menimcha, bu yil chempionlik kurashi oxirgi turga qadar 5-6 jamoa o'rtasida davom etadi. Biz ham bor kuchimiz bilan chempionlik uchun harakat qilyapmiz. 

- Yil avvalida "Navbahor" va xorij klublaridan takliflar bo'lgani haqida aytgandingiz. Ayni paytda "Paxtakor" ham yaxshi hujumchi topa olmagani ko'rinib qoldi. Qaysidir davrda ulardan ham taklif bo'lganmidi sizga?

- Albatta. 2021 yilgi mavsumning birinchi davrasi tugaganidan keyin "Paxtakor"ga chaqirishgandi. Lekin o'shanda "So'g'diyona"ga xalqaro maydon yo'llanmasini taqdim qilishimiz kerak edi. Shu uchun ham Jizzaxda qolishga qaror qilgandim.

- Qishda chet eldan 3-4 ta variantlarni ko'rib chiqqaningiz haqida bilamiz. Sir bo'lmasa, qaysi davlatlardan chiqishdi? Arab o'lkalaridan ham taklif bormidi?

- Arab klublaridan ham qiziqish bo'ldi. Ular bilan shartnoma borasida kelisha olmadik. Sharqiy Osiyodan tushgan aniq takliflarni esa rad qildim.

- Biroq, sharqda bizga nisbatan ancha yaxshi to'lashadi...

- Albatta. Tailand, Malayziya, hatto Indoneziyadan ham moliyaviy jihatdan yaxshiroq shartnomalar taklif qilindi. Ammo Jizzaxda qolishga qaror qildim. Pul ishlashgayam ulgursak kerak hali.

- Shohruz, ko'pchilik O'zbekistonda gol urish boshqa chempionatlarga nisbatan qiyinroq ekanini aytadi. Bu fikrga qo'shilasizmi?

- Superliga hech qanaqasiga kuchsiz chempionat emas. Osiyoning uncha-muncha ligalaridan oldindamiz. Barcha jamoalar natija qilishga urinadi. Shuning uchun asosan himoyaviy futbol guvohiga aylanamiz. Bu o'z-o'zidan forvardlarning ishini qiyinlashtiradi. 

- O'tgan yili OFK kubogida Norchaev to'purar bo'lgandi. Turnirda bu yil siz ishtirok etasiz. Yil oxirida "Oltin butsa"ni yana o'zbek futbolchisi olishini kutaveraylikmi?

- Birinchi navbatda turnirni yutish uchun harakat qilamiz. Nasib bo'lsa, albatta, shaxsiy sovrinlarni ham o'zimizniki qilishga urinamiz.

- Endi eng muhim savol. Nechta gol ursam, terma jamoaga taklif qilishadi deb o'ylaysiz? 

- Menimcha, buning gollarga aloqasi bo'lmasa kerak. (kuladi) Murabbiylar shtabi ayni paytda eng kuchli deb hisoblagan, taktikaga tushadigan o'yinchilarini saralab jalb qiladi.

 - Bazilar Shohruz yuqoridan kimnidir xafa qilib qo'ygan deb o'ylaydi. O'zingizning munosabatingiz qanday bunday fikrlarga?

- Yo'q, hech kim bilan janjallashmaganman. Hamma bilan aloqalarim yaxshi. Bunaqa fikrlar noto'g'ri.

- Oxirgi savol. O'zbekistondan eng yaxshi darvozabon va tajribali himoyachini ayting. Kimga qarshi o'ynash sizga noqulayroq?

- Darvozabonlardan O'tkir Yusupov, Abduvohid Ne'matov hamda Sanjar Quvvatovni ko'rsatgan bo'lardim. Chempionatmizning eng kuchli himoyachilari esa "Nasaf"dagi Aliqulov hamda AGMK yetakchisi Anzur Ismoilov bo'lsa kerak.

Katanets Superligani kuzatmaydimi?


Manba: championat.asia