O'zbekiston Kubogi 2-bosqich uchrashuvlaridan so'ng murabbiylar qanday fikrda?

Sherzod Nurmatov
26 mar 2026
Kecha O'zbekiston Kubogi 3-bosqichining navbatdagi ikki ishtirokchisi aniqlandi.

Bular - “Lokomotiv BFK”ni 1:0 hisobida mag'lub etgan “Guliston” va “Do'stlik” bilan durang o'ynab (1:1), penaltilar seriyasiga ko'ra 6:5 hisobida g'alaba qozongan “Azur”.

Uchrashuvlardan keyin 4 nafar bosh murabbiy o'z fikrlarini bildirdi.

Andrey Pyatnickiy (“Azur” jamoasi bosh murabbiyi):

“O'yin yaxshi o'tdi. Qiyin o'yin bo'lishini oldindan bilardik. Raqibimiz kuchli jamoa edi. O'tgan yilgi mavsumda Birinchi ligada sovrindor bo'lgani bejiz emas. Lekin omad biz tomonda bo'ldi. Bundan xursandman. Jamoa o'yinidan to'liq qoniqish hosil qildik, deb ayta olaman”.

2.jpg

Samug Dadaev (“Do'stlik” jamoasi bosh murabbiyi):

“Bu yil tarkibimiz ancha yoshardi. Jamoamizning o'zagini Do'stlik akademiyasi bitiruvchilari tashkil etmoqda. Bugun ular uchun ilk katta o'yin edi. Shunga qaramay, jamoamiz juda yaxshi o'yin ko'rsatdi va o'yin jihatidan raqibidan ustun ekanini isbotladi. Ammo penaltilar seriyasida omad jamoamizdan yuz o'girdi. Umuman olganda, jamoamizning ilk o'yinidan ko'nglim to'ldi”.

3.jpg

Shahboz Tojiev (“Lokomotiv BFK” jamoasi bosh murabbiyi):

“Chiroyli o'yinga guvoh bo'ldik. Raqibimiz nomdor tarkibga ega bo'lgan yaxshi jamoa edi. Bugungi o'yinda havoning issiqligi jamoamizga xalaqit berdi. Yigitlar Ramazon oyidan keyin qayta tiklanishga ulgurishmagandi. Bu jihatlar o'yin natijasiga ta’sir o'tkazmay qolmadi.

Shunday bo'lsa-da, biz o'z ustimizda ishlashda davom etamiz. Umid qilamanki, Birinchi liga musobaqasida o'zimiz ko'zlagan natijaga erisha olamiz”.

4.jpg

Abbos Ergashev (“Guliston” jamoasi bosh murabbiyi):

“O'yinni juda yomon boshladik. Bu bevosita meni ham havotirga qo'ydi. Boisi o'yin boshidagi xatolar uchrashuv natijasiga ta’sir o'tkazishi mumkin edi. Lekin bunday bo'lmadi va muhim g'alabani qo'lga kiritishni uddaladik.

Bugun jamoamizga asosiy futbolchilarimizdan biri Asilbek Umrzoqov qizil kartochkasi borligi sabab yordam bera olmadi. Uning yo'qligi albatta bilindi. Ammo uning o'rnida o'ynagan tajribali Shohnazar Norbekov ham yaxshi o'yin ko'rsatdi”.

1.jpg


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia