Mo'minjon Meliev: "Maqsadimiz - "Metallurg"ni Superligaga qaytarish"

Sherzod Nurmatov
24 apr 2026, 13:30
“Metallurg”ning tajribali hujumchilaridan biri Mo'minjon Meliev jarohat sabab oxirgi turlarni o'tkazib yubordi va 4-turda safga qaytdi.

Hujumchi “BuxDU” bilan bahsda nafaqat qaydnomaga kiritildi, balki maydonda bir necha daqiqa harakat qilib, jamoasining g'alabasiga ham hissa qo'shdi.

O'z navbatida, klub matbuot xizmati Melievga bir qator savollar bilan yuzlandi.

- Dastlabki turdan keyin "yo'q" bo'lib qolishingiz sababi va tiklanish jarayoni haqida aytib bersangiz…

- Dastlabki turda Qo'qonda bo'lib o'tgan "Yaypan"ga qarshi bahsda maydonga tushdim. Uchrashuvdan keyin mashg'ulotda jarohat oldim va shifokorlarimizning ko'rsatmasiga binoan jamoaga yordam bera olmadim hamda tiklanish jarayonini o'tkazdim. Boshqa hech qanday muammo yo'q.

Aslida barchasi kutilmaganda bo'ldi. Kichik jarohat oldim, shukrki barchasi engil o'tdi. O'z navbatida, imkon qadar tez safga qaytishimda astoydil mehnat qilgan jamoam shifokori va massajchilariga alohida rahmat aytmoqchiman.

- Jamoadagi ichki muhit haqida...

- Jamoamizda ichki muhit a'lo darajada. Barchamiz bir-birimiz bilan aka-uka va bir oiladekmiz, ko'z tegmasin. Kerak vaqtlarda tajribaliroq futbolchilar yoshlarga maslahat bermoqda, yoshlar ham o'z navbatida o'zlari uchun qimmatli fikrlarni to'g'ri qabul qilib, akalarni hurmat qilyapti.

- Jamoa oldiga Superligaga chiqish vazifasi qo'yilgan. 4-turdan keyin jamoa qo'shimcha ko'rsatkichlar evaziga yetakchi bo'lib oldi, ammo hali mavsum startida turibmiz va oldinda o'yinlar ko'p. Bu borada siz qanday fikrdasiz?

- Maqsadimiz - "Metallurg"ni Superligaga qaytarish. Biz bu yo'lda aynan shu maqsadni ko'zlab davom etyapmiz. Barcha jamoalarni hurmat qilamiz, ammo chempionlik uchun kurashda aniq bir raqibni ajratib ko'rsatmagan bo'lardim. Istalgan raqibga qarshi bahsda maydonga faqat g'alaba uchun tushamiz.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: "Металлург" матбуот хизмати