"Metallurg" klubi yana bir masalani ijobiy hal qildi

Mirjalol Normatov
6 mar 2026
Bekobodning "Metallurg" klubi sobiq futbolchisi Marko Milichkovich bilan bog'liq vaziyatni ijobiy hal qildi.

Chernogoriyalik futbolchi moliyaviy muammolar sababli OFKga arz qilgan edi. Qayta tashkil qilingan "Metallurg" PFK rahbariyati mazkur masalani sinchkovlik bilan o'rganib chiqishdi hamda hal qilishni uddalashdi.

Natijada, endi "Metallurg" klubining licenziyalash bilan bog'liq hech qanday cheklov yoki muammolari mavjud emas. Bu borada 5 mart sanasida O'zbekiston Professional futbol ligasiga OFKdan xat yuborilgan.

O'z navbatida, futbolchining agenti Nikola Tadich o'yinchi va "Metallurg" klubi o'rtasidagi barcha muammolar bartaraf etilgani to'g'risida xat yubordi.

Shuningdek, agent mazkur vaziyat hal etilishida jonbozlik ko'rsatgan "Metallurg" PFK bosh direktori Ulug'bek Mirzaevdan minnatdor ekanligini ta'kidlab o'tdi. Nikola tajribali mutaxassis to'liqligicha aloqani saqlab turgani, professional tarzda masalalarni hal etishda amaliy yordam ko'rsatganiga urg'u berib o'tdi.


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: "Металлург" матбуот хизмати