

Sergey Lushanning qadami qutlug' kelib, jizzaxlik futbolchilar Namanganning Navbahor jamoasini taslim eta olishdi. Shu turgacha o'tkazilgan 5ta o'yinda So'g'diyona 4ta mag'lubiyat va bitta durang qayd etgandi. Gollarga boy tarzda o'tgan bahsda mezbonlar ajoyib kambekni amalga oshirishdi.
Bu uchrashuv xuddi 7 aprel kuni o'tkazilgan Manchester debisida kuzatilgan jarayonni eslatib yubordi. O'shanda ikki to'p farqi bilan ortda borayotgan Manchester Yunayted yakunda g'alabani ilib ketgandi. Aynan shu ssenariy Jizzaxdagi o'yinda ham takrorlandi.
Farqi shundaki, bu safar mehmonlar emas, mezbonlar ko'chasida bayram bo'ldi. E'tiborlisi, g'alaba to'pi uchrashuvning asosiy vaqtiga hakam tomonidan qo'shib berilgan uchinchi daqiqada Izzatilla Abdullaev tomonidan kiritildi. Zaxiradan o'yinga qo'shilgan futbolchi o'z goli bilan jamoasining ilk g'alabasini taminladi.
Iroda evaziga qo'lga kiritilgan ushbu uch ochko So'g'diyonaning keyingi g'alabalariga zamin yaratsa, ajabmas. Demak, Bunyodkorning sobiq ustozi Sergey Lushan So'g'diyonadagi debyut uchrashuvidayoq muvaffaqiyatga erishdi.
Biz Navbahorga qarshi bahs yakunlangach, o'yin qahramonlaridan biri Izzatilla Abdullaevni suhbatga chorlab, uning g'alabali bellashuvdan keyingi taassurotlari bilan qiziqdik.
Ma'lumot uchun, Izzatilla Abdullaev 2012 yili O'zbekiston o'smirlar (U-16) termasi safida Eronning Taxti shahrida o'tkazilgan Osiyo chempionatida tengdoshlari bilan birga chempionlik shohsupasiga ko'tarilgandi. O'shanda jamoaga Dilshod Nuraliev ustozlik qilgandi.
- Izzatilla, avvalo, g'alaba bilan tabriklayman. Ochig'i, bu 3 ochko uzoq kutildi. Mazkur o'yingacha bo'lgan omadsizliklar sababi nimada edi?
- Haqiqatan ham, siz aytgandek, bu yutuqni juda uzoq kutdik. G'alaba biz uchun suv va havodek zarur edi. Boisi, turnir jadvalidagi holatimiz havas qiladigan darajada emasdi. Yangi murabbiyning jamoaga kelgani bizning o'yin uslubimizni ham o'zgartirib yubordi.
Uchrashuvda mash-g'ulotlar davomida Sergey Lushan tomonidan aytilgan barcha ko'rsatmalarni amalga oshirdik. Tanaffus paytida murabbiyimiz bergan ruhiy dalda bizga kuch berdi. Maydonda o'zimizga ishonch bilan harakat qildik. Raqibni mag'lub eta olishimizga ishonch paydo bo'ldi. Ushbu muhim g'alabani muxlislarimizga bag'ishlaymiz.
- Jamoa 78-daqiqagacha ham 0:2 hisobida mag'lubiyatga uchrayotgandi. Tanaffus paytida bosh murabbiy qanday ko'rsatmalar berdi?
- Sergey Ivanovich 0:2 hisobi hali mag'lubiyat emasligini aytdi. O'z xatoimiz tufayli ikkita oddiy vaziyatda darvozamizdan to'p o'tkazib yubordik. Superliga o'yinlarida bu tarzda yanglishish yaramaydi.
Xatolar raqib jamoa futbolchilari tomonidan kechirilmaydi. Hisobni qisqartiruvchi golni urganimizdan so'ng futbolchilarimizning ruhiyati ko'tarildi. Ishonch yanada ortdi va boshlagan ishimizni chiroyli tarzda yakunlab qo'ydik. Albatta, bu yerda omad ham biz tomonda bo'lganligini aytib o'tish o'rinli.
- Shu turgacha o'tkazilgan uchrashuvlarda jamoa o'z o'yinini namoyish eta olmagandi. Omadsizlikning sabablari jamoada muhokama qilindimi?
- Albatta, muhokama qilindi. Mashg'ulotlarda yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklar ustida ishladik. Bu jarayon davom etmoqda. Qayerda xatoga yo'l qo'yganmiz, buni yaxshi bilamiz. O'ylaymanki, murabbiylarning ko'rsatmalari asosida kamchiliklarni bartaraf etib boramiz.
- Muxlislar So'g'diyonaning qora kunlari ortda qolganiga ishonishsa bo'ladimi?
- Buni amalda isbotlashga harakat qilamiz. Demakki, bizdan yanada ko'proq ishlash talab etiladi. Superligada o'tkinchi o'yinlar yo'qligini hamma ko'ryapti.
Shu kungacha o'tkazilgan tur uchrashuvlariga e'tibor qaratsangiz, hech bir jamoa osonlikcha ochko qo'lga kiritmayotganiga amin bo'lasiz. Ke-yingi bahslarda ham faqat g'alaba uchun kurashamiz. Bu borada muxlislarimizning qo'llab-quvvatlashlari juda muhim bo'ladi.
- Navbahor bilan o'yindan oldin Sergey Lushan qanday ko'rsatma berdi va sizlarni qay tariqa g'alabaga ishontira oldi?
- Murabbiyning ishonchi katta dalda bo'ldi. Zero u bizga ishonishini qayta va qayta ta'kidladi. O'z kuchimizga ishonib harakat qilsak, albatta, shu o'yinda uch ochkoni qo'lga kiritishimiz mumkinligini uqtirdi.
O'z o'rnida biz murabbiyning ishonchiga javoban maydonda borimizni berib o'ynadik. Intilishlar samarasi o'laroq, natija ijobiy bo'ldi.

- Uchrashuvda g'alaba to'pini kiritdingiz. Bu faoliyatingizdagi hozircha eng muhim golmi?
- Har bir o'yinga xuddi final uchrashuvi kabi tayyorgarlik ko'ryapmiz. Bu golning qanday ahamiyatga ega ekanligini bilmadimu, lekin shuni ishonch bilan ayta olamanki, har bir bahsda o'z gollarim bilan jamoam muvaffaqiyatiga hissa qo'shishga intilaman.
Bundan aslo charchamayman. Raqib darvozasini ishg'ol qilish - futbolchining vazifasi, shunday ekan, gollarimni shaxsiy muvaffaqiyat sifatida qabul qilmayman.
- Futbolchilar muhim to'plarni kiritishganida uni kimgadir bag'ishlashadi. Siz o'yinning 90+3-daqiqasida Navbahor darvozasiga urilgan golni kimga atadingiz?
- Bizni har qanday holatda ham qo'llab-quvvatlab turgan jamoamiz muxlislariga bag'ishladim. Bu g'alaba barchamizniki! Shu o'rinda jamoa rahbariyatiga, jamoadoshlarimga, menga ishonch bildirgan murabbiyga o'z minnatdorchiligimni bildiraman.
- Sergey Lushan yoshlarga e'tibor qaratishi bilan tanilgan. Bunyodkorda ham shu ananasiga sodiq bo'lgan. Mana, u bir necha kundan beri Jizzaxda. Ushbu mutaxassis haqida nima deya olasiz?
- Biz bir-birimizni o'rganishda davom etyapmiz. Sergey Ivanovich chinakamiga professional mutaxassis, o'z ishining ustasi. Futbolchilarni o'yinga to'g'ri tayyorlash, zarur pallada ularni ruhlantirishni biladi.
Albatta, men ham bu murabbiydan ko'proq narsa o'rganishga harakat qilyapman. O'ylaymanki, u bilan hali uzoq vaqt birga ishlaymiz.
- Jamoadagi futbolchi va murabbiylar o'rtasidagi munosabat yaxshimi? Avvalgi o'yinlarda boy berilgan ochkolar nosog'lom muhit ta’siridan emasmi?
- Bu borada muammo yo'q. Og'ir kunlarda bir-birimiz bilan hamjihat bo'ldik. Omadsizliklar ketidan yorug' kunlar kelishiga astoydil ishondik. Bir-birimizni qo'llab-quvvatladik. Nihoyat, uzoq kutilgan g'alabaga erishdik.
Navbahor ustidan qozonilgan yutuq ham hamjihatlikdan nishona. O'ylaymanki, Sergey Lushanning jamoamizga murabbiy etib tayinlangani ichki muhitni yanada yaxshilaydi. Muvaffaqiyatli o'yinlarimiz bardavom bo'ladi.
- Jamoada moliyaviy masalada muammolar yo'qmi? Maoshlarni o'z vaqtida olyapsizlarmi?
- Bu borada hech qanday muammo yo'q, deb hech ikkilanishsiz aytishim mumkin. Maosh va mukofot pullarini hatto oldindan olyapmiz. Klub rahbariyati mazkur jihatga jiddiy e'tibor qaratgan.
Bu holat doimiy nazoratda. Darvoqe, klubning rasmiy saytida jamoaning bugungi kundagi moliyaviy holati haqida rasmiy bayonot ham berilgandi. Shunday ekan, nolishga aslo haqqimiz yo'q.
- Demak, endi sizlardan faqat mazmunli o'yin va natija ko'rsatish talab etilar ekanda?! Javobgarlikni his qilyapsizlarmi?
- Albatta. Boshqacha bo'lishi mumkin emas. Zimmamizdagi mas'uliyat ikki hissa oshgan. Birinchi galda muxlislar oldidagi javobgarlik turibdi. Har bir uy o'yinimizda stadionni to'ldirib o'tirgan ishqibozlarimizga hamisha ham g'alabali onlarni tuhfa eta olmaymiz.
O'z o'rnida, bizni tushunib, oxirigacha ishonayotgan, samimiy qo'llab-quvvatlayotgan muxlislarga rahmat aytmoqchiman. Ularning daldasi biz uchun juda muhim.
- Sergey Lushan jamoaga kelganidan keyin So'g'diyonaning vazifalari o'zgardimi?
- Yo'q. Mavsum boshida klub rahbariyati tomonidan jamoamiz oldiga qo'yilgan vazifani bajarishga astoydil intilamiz.
- Asosiy maqsad - Superligada qolishmi?
- Unday emas. Biz kuchli oltilikka kirishga harakat qilamiz. Shu tariqa ikkinchi bosqich bahslarida kuchlilar safida ishtirok etishni o'z oldimizga vazifa qilib qo'yganmiz.
- Turnir jadvalining yuqori qismidagi raqobatni ko'ryapsiz. Vaziyatga real holatda qarasak, kuchli oltilikka kirishning iloji bormikan?
- Yuqorida takidlaganimdek, bu rahbariyat tomonidan jamoamiz oldiga qo'yilgan vazifa va uni bajarishga astoydil intilamiz. Muhimi, So'g'diyonada yangi sahifa ochildi, uni yorqin lahzalar bilan boyitishda davom etamiz. O'zimizga bo'lgan ishonchni qaytarib olganimiz yaxshi bo'ldi.
Darhaqiqat, turnir jadvalining yuqori qismida kurash qizg'in kechmoqda. Kuchli jamoalarning ham ochko yo'qotishi odatiy holga aylanmoqda. Har bir turda kutilmagan hisoblar qayd etilmoqda. Lekin hali asosiy kurash oldinda. Keyingi o'yinlarda ham har qanday natija qayd etilishi mumkin.
- Xorij klublaridan qaysi biriga muxlislik qilasiz?
- Madridning Real jamoasi ishtirokidagi o'yinlarni o'tkazib yubormaslikka harakat qilaman. Qirollik klubi YCHL yarim finaliga chiqdi. Ochig'i, men ham yarim final taqdiri qo'shimcha bo'limlarda hal bo'lsa kerak, deb o'ylagandim. Bu safar omad Realga kulib boqdi. Sevimli jamoam ketma-ket uchinchi marotaba bosh mukofotni qo'lga kiritish uchun kurashni davom ettiradi.
Madridliklar o'zlari o'rnatgan rekordni yangilashga urinib ko'rishadi. Bavariya jiddiy raqib. Barselonani kurashdan chiqarib yuborgan rimliklardan ham ko'p narsa kutsa bo'ladi. Chempionlar Ligasi mutlaqo boshqacha turnir. Unda har qanday natija qayd etilishini ko'rish mumkin.
- Sizningcha, kim chempion bo'lar ekan?
- Oldindan bir narsa deyish qiyin. Yuqorida aytganimdek, nisbatan pastroq nazar bilan qaralayotgan Roma va Liverpul jamoalari ham kubokka ega chiqishi mumkin.
Ko'pchilik Manchester Siti va Barselonani yarim final yoki finalda ko'rishni taxmin qilayotgandi. Ko'ryapsiz, bu klublar hatto chorak final bosqichidan nariga o'ta olishmadi.
Shunday ekan, bizni hali kutilmagan natijalar ko'p hayron qoldiradi.
Manba. "Interfutbol" gazetasi



