FIFA Eronga umid bildirmoqda

Iskandarov Abdulaziz
18 mar 2026
FIFA Eron milliy jamoasi Jahon chempionatida dastlabki taqvimga muvofiq ishtirok etishiga umid bildirmoqda. Bu haqda "Sky Sports" telekanali jurnalisti Rob Xarris o'zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma'lum qildi.

"FIFA Jahon chempionati–2026 musobaqasi rejalashtirilishi yuzasidan ishtirokchi barcha a'zo assotsiatsiyalar, jumladan Eron bilan doimiy aloqada. Tashkilot barcha jamoalar e'lon qilingan o'yinlar taqvimiga muvofiq ishtirok etishiga umid qilmoqda", - deyiladi bayonotda.

11 mart kuni Eron sport vaziri Ahmad Donyamali milliy jamoa Jahon chempionatida ishtirok etmasligini ma'lum qilgan edi. Biroq 16 martda Osiyo futbol konfederatsiyasi bosh kotibi Vindsor Jon Eron tomonidan musobaqada qatnashishdan voz kechilgani haqida hech qanday rasmiy bildirishnoma kelib tushmaganini aytdi.

Eron terma jamoasi guruh bosqichidagi barcha uchrashuvlarni AQSHda o'tkazishi rejalashtirilgan. Jamoa bir guruhda Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya termalari bilan kuch sinashadi. Turnir 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Meksika va Kanada hududlarida bo'lib o'tadi. Ilk bor musobaqada 48 ta jamoa ishtirok etadi.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia