

O'yin Ashxobod shahridagi sun'iy maydonga ega "Ashxobod" stadionida bo'lib o'tadi. Championat.asia sayti ma'lumotiga ko'ra, mazkur stadionning FIFA sertifikati yo'q ekan. Aslida bu sertifikat olish uchun stadion har 3 yilda tekshiruvdan o'tkazilishi kerak. Jahon chempionati saralashi reglamentiga ko'ra, agar sertifikat taqdim etilmasa komissarda o'yinni boshqa stadionga ko'chirishni talab qilish huquqi mavjud. Masalan, Turkmanistondagi "Kopetdog'" stadioni tabiiy maydonga ega. Sun'iy maydonda umuman o'ynash kerak emas demayman, lekin sun'iy maydonning ham turlari ko'p. Meksikaga qarshi AQSHdagi bahs ham sun'iy maydonda o'tgandi, uning sifati umuman boshqa darajada edi. "Ashxobod" stadioni maydonida esa juda ham ko'p chuqurchalar bor va bu to'pning yurishiga ko'p bor xalal beradi.
Yaqindagina "Paxtakor" OCHL doirasida "Ahal"ga qarshi bahsni aynan shu stadionda o'tkazgandi. O'sha o'yindan keyin futbolchilar ham, bosh murabbiy ham maydon holatidan norozi bo'lishgandi. Muxlislar esa buni bahona sifatida qabul qilishgandi xolos. Endi milliy terma jamoamiz oldida aynan shunday muammo paydo bo'lmoqda. O'z vaqtida O'zbekiston terma jamoasi KXDR (2:4) va Falastin (0:2) bilan o'yinlarni ham sun'iy maydonda o'tkazgani yodingizda bo'lsa kerak. Qizig'i har ikkala bahsdagi mag'lubiyatlardan keyin bosh murabbiy ishdan ketgandi.
Juda ham sifatsiz maydonni OFK qabul qilgani va Osiyo chempionlar ligasidan so'ng endi Jahon chempionati saralash bahslarini ham shu stadionda o'tkazishga ruxsat berayotgani g'alati holat. O'zbekiston bo'lajak o'yinda g'alaba qozongan taqdirda ham futbolchilarimizda bel va mushak og'riqlari, kutilmagan jarohatlar paydo bo'lishi mumkinligi tashvishga solmoqda. Zero, bizni 21 noyabr kuni Eronga qarshi muhim o'yin kutib turibdi.
O'FA bu borada Turkmaniston FF va OFKga murojaat qiladimi yoki yo'qmi, hozircha bilmaymiz.



