Eldor Shomurodov Parij Olimpiadasiga boradimi?

Sherzod Nurmatov
4 iyun 2024, 13:13
Hozirgi kunda ko'pchilikni qiziqtirayotgan savol Eldor Shomurodov va boshqa tajribali futbolchilarning Olimpiya o'yinlarida ishtirok etishi haqida bo'lmoqda.

Xabaringiz bor, futbol bo'yicha Olimpiada bahslari 24 iyuldan 10 avgustga qadar Fransiyada bo'lib o'tadi.

O'zbekiston olimpiya terma jamoasi "C" guruhida Ispaniya, Misr hamda Dominikan Respublikasi termalariga qarshi o'ynaydi.

Ispaniya – O'zbekiston

24 iyul, Parij 

O'zbekiston - Misr

27 iyul, Nant

Dominikan Respublikasi – O'zbekiston

30 iyul, Parij

Musobaqa reglamentiga ko'ra, har bir terma jamoada 23 yoshgacha bo'lgan 18 nafar futbolchi bo'lishi kerak. Terma jamoalar o'z xohishiga binoan 18 kishilik ro'yxatga 3 nafargacha yoshi katta futbolchini qo'shib olishlari mumkin.

Championat.asia sayti ma'lumotlariga ko'ra, ayni paytda O'zbekiston olimpiya terma jamoasining rasmiy madhiyasi – Konsta ijrosidagi "O'zbekistonlik" qo'shig'iga klip suratga olinmoqda. Jarayonda Timur Karadze shogirdlari hamda O'zbekiston MTJ sardori Eldor Shomurodov ham ishtirok etmoqda. Demak, katta ehtimol bilan Eldor Shomurodov terma bilan birgalikda Parij Olimpiadasiga yo'l oladi.

Avvalroq Shomurodov Olimpiada haqidagi savolga javob berarkan, u uchun vatan shanini himoya qilish sharaf ekanligini takidlagan edi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia