Bashar Resan Iroqni jahon chempionatiga yo'l olgani bilan tabrikladi

Aslanov Jasurbek
1 apr 2026
"Paxtakor" klubining iroqlik yarim himoyachisi Bashar Resan o'z vatandoshlarini 2026 yilgi Jahon chempionatiga yo'llanmani qo'lga kiritganligi bilan tabrikladi.

1 aprel kuni Meksikada qitalararo pley-off bosqichining hal qiluvchi uchrashuvi bo'lib o'tdi va unda Iroq terma jamoasi Boliviya ustidan 2:1 hisobida g'alaba qozonib, mundial yo'llanmasiga ega chiqdi.

Ushbu tarixiy bahsda Ali Al-Hamadi (10-daqiqa) hamda Ayman Husayn (53-daqiqa) tomonidan kiritilgan gollar iroqliklarga 1986 yildan beri ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etish baxtini taqdim etdi (boliviyaliklarning yagona goliga 38-daqiqada Moises Paniagua mualliflik qildi).

Shu munosabat bilan, ayni paytda Toshkentning "Paxtakor" jamoasi sharafini himoya qilayotgan Bashar Resan o'zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali Boliviya ustidan qozonilgan g'alaba aks etgan suratni joylab: "Jahon chempionati sari. Xalqimizni ushbu muvaffaqiyat bilan muborakbod etaman", deya izoh qoldirdi.

Takidlash joizki, Grem Arnold boshqaruvidagi Iroq milliy terma jamoasi AQSH, Kanada va Meksika yashil maydonlarida bo'lib o'tadigan bo'lajak mundialning "I" guruhidan joy oldi va u erda Fransiya, Senegal hamda Norvegiya terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.

photo_2026-04-01_13-46-54.jpg


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: