Arne Slot: "Bunday o'yinda 4 daqiqa qo'shib berish kamlik qiladi"

Aslanov Jasurbek
25 yanv 2026
"Liverpul" bosh murabbiyi Arne Slot "Bornmut"ga qarshi bahsda (2:3) bosh hakam Maykl Solsberi tomonidan ikkinchi bo'limga atigi to'rt daqiqa qo'shib berilganidan norozi bo'ldi.

Qayd etish joizki, mersisaydliklar hal qiluvchi golni aynan qo'shib berilgan vaqtning 5-daqiqasida o'tkazib yuborishdi.

O'yindan so'ng "qizillar" ustozi hakam bilan nima haqida gaplashganini oshkor qildi:

"Birinchi navbatda, aybni o'zimizdan qidirishimiz kerak. So'nggi 10 daqiqada raqibda gol urish uchun bizdan ko'ra ko'proq imkoniyat bo'ldi. Yakunda esa to'pni autdan tashlab berish vaziyatidan keyin gol o'tkazdik.

Mening fikrimcha, to'rt daqiqa bu o'yin uchun juda kam edi. Biroq yakunda bu ahamiyatsiz bo'lib qoldi, chunki golni raqib urdi. Agar vaqt ko'proq qo'shilganida, bizda yana 2-3 daqiqa imkoniyat bo'lardi. Bunday uchrashuvda atigi to'rt daqiqa qo'shilmasligi kerak. Birgina jarima zarbasining o'ziga ikki-uch daqiqa ketdi, bundan tashqari VAR aralashuvi va almashtirishlar bo'ldi. Hakamlarga aynan shuni aytdim: 4 daqiqa - kam", - dedi Slot.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: BBC