Anvar Hojimirzaev: "Kannavaro o'z ishining ustasi. "Zenit" bilan o'yinda ham muxlislarni xursand qilmoqchimiz"

Iskandarov Abdulaziz
4 fev 2026
Samarqandning "Dinamo" jamoasi Toshkentda "Mashal"ga qarshi nazorat uchrashuvida maydonga tushdi.

Uchrashuvdan so'ng jamoa yetakchilaridan biri Anvar Hojimirzaev yangi mavsumga tayyorgarlik, yig'inlar va milliy terma jamoadagi faoliyati haqida fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

- Yig'inlarda barchaga bir taymdan imkoniyat berilmoqda. Chempionat avvalida hamma jamoalar deyarli bir xil holatda bo'ladi. O'zimizga kerakli o'yin amaliyotini oldik. Mavsumga tayyorgarlikni boshlab yuborganmiz. 6 fevral kuni Dubayga ikkinchi yig'in uchun yo'l olishimiz rejalashtirilgan. O'ylaymanki, Superliga startiga tayyor bo'lamiz, - deydi Anvar Hojimirzaev.

- SSKA bilan o'yinda kambek amalga oshirildi. Buni kutganmidinglar? Chunki ikki jamoa darajasida farq katta...

- O'sha vaqtda terma jamoa bilan yig'inda edik. Albatta, o'yinni ko'rib xursand bo'ldik. Yigitlar katta mehnat qilishgan.

- Oldinda "Zenit"ga qarshi o'yin kutmoqda...

- Bu o'yinga ham yaxshi tayyorgarlik ko'rib, muxlislarni xursand qilishga harakat qilamiz.

- O'zbekiston milliy terma jamoasidan qaytdingiz. Xitoy bilan uch bo'limli o'yinda durang qayd etildi, "Urartu" ustidan g'alabaga erishildi. Avvalgi yig'inlardan qanchalik farq ko'rdingiz?

- O'ziga yarasha qiziqarli yig'in bo'ldi. Mashg'ulot jarayonlari ham juda qiziq o'tdi. Ikkita o'yin o'tkazdik. Oxirgi uchrashuvda 4:2 hisobida g'alaba qozondik. Har bir futbolchiga bir taymdan imkoniyat berildi. Umid qilamizki, yana terma jamoaga chaqirilib, o'z ustida ishlashda davom etamiz.

- Kannavaro borasidagi xulosalar qanday?

- Ajoyib inson. Mashg'ulotlari qiziq va talabchan. Yevropacha uslub desak ham bo'ladi. Bir so'z bilan aytganda, o'z ishining ustasi.




Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia