Afrika Millatlari Kubogi sovrini qamoqxonada?!

Sherzod Nurmatov
10 fev 2026
Afrika Millatlari Kubogi sovrini Senegal bo'ylab sayohatini davom ettirib, eng kutilmagan joylarga ham tashrif buyurmoqda.

Uning yo'lidagi manzillardan biri Dakar shahrida joylashgan mamlakatdagi eng yirik va eng gavjum jazo muassasasi – Rebeyss qamoqxonasi bo'ldi.

Mahbuslar qitadagi eng nufuzli mukofotni nafaqat ko'rish, balki unga qo'l tekkizish imkoniyatiga ham ega bo'ldi. Senegal futbol federatsiyasi ko'magida tashkil etilgan ushbu tashabbus keng jamoatchilik etiroziga olib keldi.

Ijtimoiy tarmoqlar Rebeyss qamoqxonasidan olingan video va suratlar bilan to'ldi: kadrlarda sovrin mahbuslarga yaqinlashtirilayotgani, ayrimlari esa panjara ortidan qo'l cho'zib, kubokka yetishga urinayotgani ko'rinmoqda.

Eslatib o'tamiz, yanvar oyida Senegal terma jamoasi finalda Marokashni 1:0 hisobida mag'lub etgan holda Afrika Millatlari Kubogini qo'lga kiritgandi. Ushbu zafardan so'ng "Teranga sherlari"ga topshirilgan kubok mamlakat bo'ylab milliy iftixor va birdamlik ramzi sifatida turnega chiqarildi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Africa Soccer