"72 yil davomida hakamlar boshlig'i "Real" odamlari bo'lgan!" - Laporta "Negreyra ishi" bo'yicha bayonot berdi

Aslanov Jasurbek
23 fev 2026
"Barselona" sobiq prezidenti va klub rahbarligi uchun navbatdagi saylovlarda asosiy nomzod bo'lib turgan Joan Laporta shov-shuvli "Negreyra ishi" haqida yana bir bor to'xtalib o'tdi.

U Madridning "Real" klubini hakamlar tizimini nazorat qilishda aybladi.

Maslahatlar - qonuniy bo'lgan:

Laportaning takidlashicha, klubning hakamlar qo'mitasi sobiq vice-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyraga qilgan to'lovlarida hech qanday jinoyat yo'q:

"Bu hakamlar bo'yicha oddiy maslahatlar edi. O'sha paytda bunday xizmatlardan foydalanish to'liq qonuniy va joiz hisoblangan".

"Real"ga qaratilgan ayblov:

Laporta ushbu sud jarayonining cho'zilayotganidan ayrim kuchlar manfaatdor ekanligini aytib, Madrid klubiga "tosh" otdi:

"Bu jarayonni ataylab cho'zishdan kimlardir manfaatdor. Shunga e'tibor bering, 72 yil davomida hakamlar qo'mitasi rahbarlari yo "Real" a'zolari (sosos), yoki ushbu klubning sobiq xodimlari bo'lib kelishgan. Haqiqiy manzara mana shu erda", - dedi Laporta.

Ma'lumot uchun:

2023 yilda "Barselona"ga nisbatan 2001 yildan 2018 yilgacha bo'lgan davrda Negreyraga millionlab evro to'lab kelingani bo'yicha poraxo'rlik aybi qo'yilgan edi. Laporta esa bu ayblovlarni doim inkor etib, buni klubga qarshi uyushtirilgan kampaniya deb atab keladi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: As