

O'zbekiston milliy terma jamoasi 11 noyabr kuni tongda Qatarga yetib kelganidan xabaringiz bor. Legionerlarimiz ham o'z klublaridan to'g'ri Dohaga uchib kelishdi. "Championat.asia" sayti ijodiy guruhi (Nodirxo'ja Yuldashev va Tolibjon Qosimov) ham shu yerda bo'lib turibmiz. Milliy terma jamoaning yetib kelishidan tortib mashg'ulotlarigacha eksklyuziv suratlar va lavhalar, intervyularni o'quvchilarimiz e'tiboriga taqdim etib kelmoqdamiz.
Bugun Qatarga qarshi ertangi o'yin oldidan rasmiy tadbirlar bo'lib o'tadi. Toshkent vaqti bilan 18:30da Srechko Katanets hamda bir nafar futbolchimiz ishtirokida matbuot anjumani bo'lib o'tadi. 19:00da esa bizning rasmiy mashg'ulot bo'lib o'tadi. Har ikki tadbirdan ham suratlar va undagi fikrlarni saytimizda kuzatib borishingiz mumkin bo'ladi.

Ko'pchilik muxlislarga terma jamoadagi kayfiyat va muhit qiziq bo'layotgani shubhasiz. Futbolchilardan tortib, personallargacha kayfiyat a'lo, jamoa ichidagi muhit ham a'lo darajada. Menimcha, hozir bu haqda yozishim har qachongidan ham to'g'riroq bo'ladi. Sababi, 2 kundan beri terma jamoa bilan birgamiz va hammasini o'z ko'zimiz bilan ko'rib turibmiz.
Ertangi uchrashuv bizni mundialga juda va juda yaqinlashtirishi aniq va buni murabbiylardan tortib futbolchilargacha his qilib turishibdi. Kamiga, Qatar bilan alohida hisob-kitobimiz ham bor. Osiyo kubogi-2023 chorak finalida qatarliklar bizni penaltilar seriyasida mag'lub etishgan edi. O'shanda bizning tarkibimizda Eldor Shomurodov va Abduqodir Husanovlar yo'q edi, ertaga esa ular jangga shay holatda maydonga tushib kelishadi. Qatar o'shanda ham bizdan kuchli emas edi va hozir ham kuchli demagan bo'lardim. Ularda uyda o'ynash ustunligi bor xolos. Afsuski, muxlislar ko'nglini biroz xira qiladigan jihat ham yo'q emas. Jaloliddin Masharipov "Istiqlol"ning oxirgi o'yinini betob bo'lib qolgani bois o'tkazib yuborgan edi. Vingerimiz shamollab qolgan va terma jamoaning 2 kunlik mashg'ulotlarini o'tkazib yubordi. Aziz Turg'unboev esa "Sivasspor" tarkibida kichik jarohat olib almashtirilgan edi. Hozir terma jamoa shifokorlari har ikkala futbolchimizning salomatligi ustida qayg'urishmoqda va bugungi rasmiy mashg'ulotda Masharipov va Turg'unboevni umumiy guruhda ko'ramiz deb umid qilaman. Qolgan hamma soppa-sog' va uchrashuvga tayyor. Shaxsiy kuzatuvlarimga ko'ra, Masharipov bugun safga qaytgan taqdirda ham ertaga 90 daqiqa o'ynay olishiga ko'zim etmayapti. Yaxshigina shamollagan kishining ahvolini o'zingiz tasavvur qilib olavering. Menimcha, u asosiy tarkibda tushsa 2-bo'limda zaxiraga olinish ehtimoli yuqori yoki o'yinga aynan 2-bo'limda zaxiradan tushadi. Chunki, bunaqa holatda hatto Ronaldu ham bir kunda 90 daqiqa o'ynay oladigan darajada tiklana olmasa kerak.

Bu ikki do'st hali uzoq yillar "yondirishsa" ne ajab.
Bosh murabbiy Srechko Katanets ham qisqa tanaffusdan keyin yana terma jamoa bilan birga va mashg'ulotlar uning boshchiligida o'tkazilmoqda. Futbolchilar bilan o'zaro suhbatlashganimizda Katanetsning shu yerda ekanligi ular uchun ham yaxshiroq ekaniga amin bo'ldik. Ertaga hammasi biz umid qilgandek bo'lishiga va keyingi o'yinga jamoamiz 3 ochko bilan birga uchib kyetishligiga umid qilamiz. Zero, aynan shu ikki o'yin orqali biz JCH sari deyarli hal qiluvchi qadamlarni tashlaymiz. Buyog'i oz qoldi, bo'shashmaymiz va asosiy maqsad sari intilamiz. Olg'a, O'zbekiston!

O'zbekiston terma jamoasi ertangi bellashuvni oq libosda o'tkazadi. "Oq bo'rilar"ga omad va zafar yor bo'lishini tilab qolamiz.



