Xavercning so'nggi daqiqadagi goli "Arsenal"ga g'alaba keltirdi

Aslanov Jasurbek
8 apr 2026
UEFA Chempionlar Ligasi 1/4 finali doirasidagi "Sporting" va "Arsenal" jamoalari o'rtasidagi dastlabki uchrashuv yakunlandi.

Lissabondagi "Joze Alvalade" stadionida kechgan bahsda mehmonlar 1:0 hisobidagi qiyin g'alabani qo'lga kiritishdi. Uchrashuvni germaniyalik hakam Daniel Zibert boshqarib bordi.

O'yinning 64-daqiqasida "Arsenal" yarim himoyachisi Martin Subimendi hisobni ochishga muvaffaq bo'lgan edi, biroq ushbu gol ofsayd sababli bekor qilindi. Uchrashuv durang bilan tugashi kutilayotgan bir paytda, hakam tomonidan qo'shib berilgan 90+1-daqiqada Kay Xaverc raqib darvozasini ishg'ol qilib, londonliklarga muhim g'alabani taqdim etdi.

“Sporting” - “Arsenal” 0:1

Gol: Xaverc 90+1.

"Sporting": Silva, Domande, Arauxo, Fresneda, Inasiu, Simoynsh, Morita, Gonsalvesh, Katamo, Trinkan, Suares.

"Arsenal": Rayya, Uayt, Saliba, Magalyayns, Kalafori, Subimendi, Rays, Edegor, Trossard, Madueke, Dyokeresh.

Jamoalar o'rtasidagi javob uchrashuvi 15 aprel kuni Londondagi "Emireyts" stadionida bo'lib o'tadi. Mikel Arteta shogirdlari o'z uylaridagi bahs oldidan yaxshigina ustunlikka ega bo'lishdi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia