

“Metallurg” sardori Mirzohid G'ofurov klub matbuot xizmatiga qisqa intervyu berdi.
"Avvalgi turda Respublika FA jamoasi bilan bahsda 2 ochko yo'qotdik deb hisoblayman. Raqibga hurmatni saqlagan holda, yaratgan vaziyatlarimizni yarmidan foydalanganimizda yirik hisobda g'alaba qozongan bo'lardik. Afsuski, omad shu kuni bizdan yuz o'girdi. Qo'shimchasiga raqib darvozabonini etirof etish lozim. U chindan yaxshi o'yin o'tkazdi.
Hakamlik haqida fikrlarim, gaplarim ko'p, ammo hozir ularni aytganimning foydasi yo'q. Natija baribir o'zgarmaydi-ku.
Mavsumga qolgan jamoalardan ko'ra kamroq vaqt tayyorgarlik ko'rgan bo'lsak-da, hech bir jabhada qolishmaslikka harakat qilyapmiz. Ishonchim komil, turdan turga o'yinimiz yanada kuchayib boradi. Dastlabki ikki bahsda ochko ololmagani “TerDU” jamoasini xavfliroq qiladi. Umuman olganda, Proligada jamoalar bizga qarshi o'zgacha ishtiyoq bilan harakat qilishi tabiiy.
"Metallurg" oldiga Superligaga chiqish vazifasi qo'yilgan. Shu sababli biz raqib kim bo'lishiga qaramay, har bir uchrashuvda g'alaba uchun maydonga tushamiz. O'z uyimizda bo'ladigan bahslarda esa muxlislar qo'llab-quvvatlashi bilan bu ishni amalga oshirish yanada osonroq bo'ladi deb umid qilaman. Oldinda turgan ikki uchrashuvni Bekobodda o'tkazamiz va 6 ochkoni qo'lga kiritishga harakat qilamiz”, – dedi 37 yoshli futbolchi.

Ma'lumot o'rnida, “Metallurg” 15 aprel kuni Proliga 3-turida “TerDU” bilan ro'baro' keladi. Uchrashuv Bekoboddagi “Markaziy” stadionida 18:00 da boshlanadi.


