Ilhom Mo'minjonovning gapi to'g'rimi? (statistika)

Bugun "Neftchi" ustozi Ilhom Mo'minjonovning shogirdlari mavsum davomida umuman penalti tepmagani holatda ham barchadan ko'proq gol urgani to'g'risidagi fikri e'lon qilindi.

Shundan keyin Pro liganing joriy mavsum statistikalari to'g'risida ma'lumot berishga qaror qildik. Eslatib o'tamiz, quyidagi ma'lumotlarning barchasi 11-tur yakunlariga ko'ra hisoblangan.

Eng ko'p g'alaba va mag'lubiyat

Mavsumdagi g'alabalar soni bo'yicha Farg'onaning "Neftchi" klubi yetakchi bo'lib turibdi - 7 ta. G'uzorning "Sho'rtan" jamoasi esa mag'lubiyatlar soni bo'yicha peshqadamlik qilyapti - 8 ta. 11-turdan keyin biror marta g'alaba qozonmagan yagona jamoa ham "Sho'rtan". Joriy mavsum durangga rozi bo'lmagan yagona klub esa "Dinamo".

Eng ko'p va kam gol urgan jamoalar

Raqiblari darvozasiga eng ko'p to'p kiritgan jamoa Ilhom Mo'minjonov boshchiligidagi "Neftchi" hisoblanadi - 22. Bu boradagi eng yomon natija ham "Sho'rtan"ga tegishli - 2 ("Sho'rtan" G'uzordagi o'yinlarda umuman gol urolmagan).

Penaltidan eng ko'p foyda ko'rgan jamoalar

Ortda qolgan 11 turda jami 40 ta o'yin o'tkazilgan bo'lsa, mazkur bahslarda hakamlar 11 bor 11 metrlik nuqtaga ishora qilgan. Penalti tepgan jamoalar orasida Timur Kapadze boshchiligidagi "Olimpik" yetakchi bo'lib turibdi. To'liq statistika bilan tanishing:

jamoapenalti
"Olimpik"4
"Aral Samali"2
"Oq-tepa"2
"Buxoro"1
"Sho'rtan"1
"Xorazm"1


Ma'lumot uchun, "Neftchi", "Yangier" va "Dinamo" klubi futbolchilari hali biror marta penaltidan foydalanishmagan.

Eng ko'p penalti tepilgan o'yin

G'uzorning "Sho'rtan" klubi Pro liganing dastlabki turida Nukusga safar qilgan. O'shanda uchrashuvni boshqargan Asker Najafaliev 3 marta 11 metrlik nuqtaga ishora qilgan.

Penaltidan eng ko'p aziyat chekkan jamoalar

Bu borada ham G'uzorning "Sho'rtan" klubi yetakchi bo'lib turibdi. To'liq statistika:

jamoapenalti
"Sho'rtan"4
"Aral Samali"2
"Yangier"2
"Oqtepa"1
"Buxoro"1
"Xorazm"1


Ma'lumot uchun, "Olimpik", "Neftchi" va "Dinamo" klublari darvozasiga hali biror marta penalti belgilanmagan.

Amalga oshirilmagan penalti

Joriy mavsumda belgilangan faqat bitta penalti golga aylanmadi. Bu voqea 8-tur doirasida o'tgan "Xorazm" 1:1 "Olimpik" o'yinida sodir bo'lgan. O'shanda Toshkent klubi yarim himoyachisi Bektemir Abdumannonov qulay imkoniyatni yo'qqa chiqargan.

Umumiy

Ortda qolgan 11 turda 40 ta o'yin o'tkazildi. Ushbu uchrashuvlarda jami 118 ta gol urilgan. Bu har o'yinga o'rtacha 3 tadan to'g'ri keladi.

40 o'yinda jami 160 ta sariq kartochka ko'rsatilgan. Bu har o'yinga o'rtacha 4 tadan to'g'ri keladi. Bundan tashqari, referilar 5 bor 2-sariq kartochkadan keyin qiziliga murojaat qilishgan bo'lsa, 7 marta futbolchilar to'g'ridan to'g'ri maydondan chetlatilgan.

"Olimpiko"dagi holat "Olimpik"ning o'yinida ham sodir bo'ldi


Manba: championat.asia