Futzal. Mundiallar tarixi. JCH-2004

Tolibjon Qosimov
31 avg 2021
Shu yilning 12 sentyabridan 3 oktyabriga qadar Litvada futzal bo'yicha to'qqizinchi Jahon chempionati bo'lib o'tadi.

Mundial formati, ishtirokchilari, ramzi va mezbon. O'zbekiston ham qatnashadigan futzal bo'yicha JCH-2021 haqida batafsil

Unda O'zbekiston terma jamoasi ham qatnashadi. Bu vakillarimiz uchun ikkinchi Jahon chempionati bo'ladi. Shu kunga qadar o'tkazilgan barcha mundiallar haqida ma'lumotlarni e'tiboringizga havola etib boryapmiz.

Futzal. Mundiallar tarixi. JCH-2000. "Yangi qirol"

JCH-2004



Mini futbol bo'yicha beshinchi Jahon chempionati Xitoy Taypeyida o'tkazilgan. 21 noyabrdan 5 dekabrga qadar davom etgan musobaqada qatorasiga ikkinchi bor Ispaniya terma jamoasi g'alaba qozongan.

Falkao yetakchiligidagi Braziliya 2000 yil Gvatemala finalidagi mag'lubiyat uchun Ispaniyadan o'ch olish uchun Xitoy Taypeyiga tashrif buyuradi. Guruh bosqichini osongina yakunlagan brazillar kubokni qaytarib olishga tayyor ekanliklarini namoyish etgandek bo'lishdi. Ammo, "Futbol sehrgarlari"ni yarim finalda yana o'sha "Qizil furiya" to'xtatib qoladi. Uchrashuvning asosiy vaqti 2:2 hisobida yakunlanadi. Penaltilar seriyasida esa omad ispanlarga kulib boqadi. Braziliya uchinchi o'rin uchun bahsda qitadoshi Argentinaga hech qanday imkon qoldirmaydi - 7:4.

Ispaniya birinchi bosqichda Ukraina, Xitoy Taypeyi va Misr terma jamoalari darvozasiga 19ta to'p kiritib, o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qoladi. Ikkinchi bosqichda esa Chexiya, Italiya va Portugaliya mag'lub etiladi. Yarim finaldagi o'yinga esa yuqorida to'xtaldik. Xaver Lozano shogirdlari hal qiluvchi bellashuvda Yevropaning amaldagi chempioni bo'lgan Italiya terma jamoasi bilan to'qnash keladi. Qizig'i, Yevropa chempionati yarim finalidagi ssenariyning aksi bo'ladi. Yani, Evroda Italiya ispanlarni 2:1 hisobida mag'lub etgan bo'lsa, mundial finalida ispanlar xuddi shu hisobda ustun kelishadi. Shu tariqa, Ispaniya terma jamoasi qatorasiga ikkinchi marotaba Jahon chempioni degan nomga sazovor bo'ladi.

Braziliyalik Falkao beshinchi mundialning yorqin yulduziga aylanadi. Musobaqa davomida raqiblar darvozasiga 13ta to'p kiritgan Falkao oltin butsa bilan birga oltin to'pga ham ega chiqadi.



JCH-2004, Final
05.12.2004, "National Taiwan University" sport saroyi
Bosh hakam: Xuan Karlos Skansalepor (Xorvatiya)
Muxlislar: 3500

Ispaniya - Italiya 2:1
Gollar
: Kike 24, Marselo 30 - Sandro Zanetti 40

Ispaniya: Amado, Julio, Torras, Serrexon, Orol, Xavi Rodriges, Kike, Andreu, Limones, Marselo.

Italiya: Feller, Grana, Pellegrini, Montovanelli, Zaffiro, Bertoni, Bakaro, Fabiano, Foglia, Morgado, Sandro Zanetti.

Ogohlantirishlar: Orol 35, X.Rodriges 37



Futzal bo'yicha Jahon chempionati-2004
O'tkazilgan joyi
: Xitoy Taypeyi
O'tkazilgan shaharlar: 2 (Taypeyi siti, Linkou)
O'tkazilgan sanasi: 21 noyabr - 5 dekabr, 2004 yil
Ishtirokchilar: 16 (6 qitadan)
Muxlislar tashrifi: 50923 (har o'yinga 1273)
Urilgan gollar: 237 (har o'yinga 5.93ta gol)
To'purar: Falkao (Braziliya, 13ta gol)
Eng yaxshi o'yinchi: Falkao (Braziliya)
"Fair-Play" sovrini: Braziliya

Sovrindorlar
Chempion
- Ispaniya
Ikkinchi o'rin - Italiya
Uchinchi o'rin - Braziliya
To'rtinchi o'rin - Argentina


Futzal. JCH-2021 o'yinlar taqvimi (to'liq)


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: championat.asia